Nitstsadagi teraktga aloqadorlikda gumon qilinayotgan 5 kishi 21 iyul, payshanba kuni sud oldida javob beradi. Bu haqida France Press ma'lum qildi.
Manbaga ko‘ra, bu yerda gap terrorchiga aloqasi bo‘lgan 4 nafar erkak va 1 ayol haqida bormoqda. Frantsuz razvedkasi qo‘lga olinganlarning birortasi haqida ma'lumotga ega bo‘lmaganligi ta'kidlanmoqda. Sudda ularga qarshi ayblov qo‘yilishi mumkin. Prokuraturaning ma'lum qilishicha, "kun davomida" ularga qarshi sud tergovi amalga oshiriladi.
Bir hafta ilgari yuk mashina haydovchisi Nitstsadagi maydonga mushaklarni tomosha qilishga to‘plangan xalq ustiga bostirib kelgan. Hujum natijasida 84 nafar kishi halok bo‘lgan. Teraktni asli tunislik bo‘lgan Nitstsa fuqarosi 31 yoshli Muhammad Buhlel amalga oshirganligi ma'lum bo‘lgan. Mazkur terakt uchun javobgarlikni IShID terrorchi guruhi o‘z bo‘yniga olgan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu terakt yuzasidan dastlab 7 kishi qo‘lga olingan, terrorchining turmush o‘rtog‘i politsiya tomonidan qo‘yib yuborilgan, yana bir kishi tergov doirasida ozod qilingan.