AQSh vitse-prezidenti Jo Baydenning bildirishicha, Qo‘shma Shtatlar harbiy dengiz kuchlari oxirgi 30 yilda birinchi marta harbiy kemalarini Yangi Zelandiyaga yuborishni rejalashtirmoqda, deb xabar qilayapti Assoshieyted Press.
Yangi Zelandiya bosh vaziri Jon Key, Jo Bayden bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida aytishicha, uning mamlakati Amerika HDK kemasini Qirollik flotining 75-yilligi tantanalarida qatnashishga taklif etgan. Bayden esa, bu taklifni xursandchilik bilan qabul qilgan.
1980 yillar o‘rtalaridan boshlab, Yangi Zelandiya hukumati bortida yadro quroli bo‘lgan yoki yadro yoqilg‘isida harakatlanadigan kemalarning o‘z hududiy suvlariga kirishini taqiqlagan edi.
Ammo, Bayden AQSh HDKning qaysi turdagi harbiy kemasi bayram tantanalarida qatnashishiga oydinlik kiritmagan.