O‘zbekiston aholisi 32 millionga yaqinlashdi

Jamiyat 18:05 / 20.07.2016 13432

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining doimiy aholisi soni 2016 yil 1 iyul holatiga 31,8 mln kishini tashkil etib, yil boshiga nisbatan 231,7 ming kishiga yoki 0,7 foizga o‘sgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasining 2016 yilning yanvar—iyun oylaridagi asosiy iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlarga bag‘ishlangan ma'ruzasida aytiladi.

Jumladan, shahar aholisi soni 16 110 ming kishini (jami aholi soniga nisbatan 50,6 foiz), qishloq aholisi soni 15 697 ming kishini (jami aholi soniga nisbatan 49,4 foiz) tashkil etdi.

2016 yilning yanvar-iyun davrida 318 ming bola tug‘ilib, mos ravishda tug‘ilish koeffitsiyenti 20,2 promilleni tashkil qildi (2015 yilda 20,2 promille bo‘lgan).

Hisobot davrida vafot etganlar soni 2016 yilning yanvar-iyun oylarida 73,9 ming o‘lim qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda o‘lim koeffitsiyenti 4,7 promilleni tashkil etdi.

Ro‘yxatga olingan jami o‘lganlarning 59,7 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 8,6 foizi o‘simtalardan, 5,5 foizi ovqat hazm qilish a'zolari kasalliklaridan, 6,3 foizi nafas olish a'zolari kasalliklaridan, 5,6 foizi baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan vafot etgan.

2016 yilning yanvar-iyun davri mobaynida 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi bilan bog‘liq 3,7 ming holat qayd etildi va go‘daklar o‘limi koeffitsiyenti 10,0 promilleni tashkil etdi. Ro‘yxatga olingan 1 yoshgacha o‘lgan jami bolalarning 53,5 foizi perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 24,4 foizi nafas olish a'zolari kasalliklaridan, 10,2 foizi tug‘ma anomaliyalardan, 3,0 foizi yuqumli va parazitar kasalliklardan vafot etgan.

2016 yilning yanvar-iyun oylarida FHDYo organlari tomonidan 92,4 mingta nikoh va 14,8 mingta nikohdan ajralishlar qayd etilgan. Respublika bo‘yicha nikoh tuzish koeffitsiyenti 5,9 promilleni, nikohdan ajralish koeffitsiyenti esa 0,9 promilleni tashkil etdi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 2016 yilning yanvar-iyun davrida respublika bo‘yicha ko‘chib kelganlar soni 72,0 ming kishini, ko‘chib ketganlar soni esa 84,4 ming kishini tashkil etdi. Migratsiya qoldig‘i minus 12,4 ming kishini tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich 2015 yilning mos davriga nisbatan 1000 kishiga ko‘paydi (2015 yilda minus 13,4 ming kishi bo‘lgan).

Ko‘proq yangiliklar: