Xitoy prokuraturasi o‘tgan 5 yil ichida vazir o‘rinbosari va undan yuqori lavozimdagi 60 shaxsga ayblov e'lon qildi, deb aytilmoqda Xitoy Oliy xalq prokuraturasi xabarida.
O‘tgan 5 yil ichida Xitoy prokuraturasi hammasi bo‘lib vazir o‘rinbosari va undan yuqori lavozimdagi shaxslarga lavozim bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha 98 ta jinoiy ish ochdi. Prokuratura ma'lumotlariga ko‘ra, bunday shaxslarning noqonuniy faoliyati natijasida mamlakatga solingan umumiy iqtisodiy ziyon 48,7 mlrd yuanni (7,3 mlrd dollar) tashkil qilgan.
Xitoy Oliy xalq prokuraturasi mart oyida Xitoy hukumati tomonidan 2015 yilda vazirlik va undan yuqori darajadagi 22 mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilganini ma'lum qilgan. Yana 41 mansabdor shaxsga nisbatan tergov boshlangan.
Ayblov e'lon qilingan mansabdor shaxslar orasida Xitoy jamoatchilik xavfsizligining sobiq vaziri Chjou Yunkan ham bor. U vazirlikni 2002 yildan 2007 yilgacha boshqargan, 2007-2012 yillarda Xitoy Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi 17-chaqiriq doimiy qo‘mitasining a'zosi bo‘lgan.
Prokuratura sobiq vazirga nisbatan 2014 yil dekabrda tergov boshlagan va uni hibsga olishga qaror qilgan. Shu yilning martida Xitoy hukumati Yunkan va uning atrofidagi odamlarga tegishli 14,5 mlrd dollarlik aktivlarni musodara qilgan. Sobiq vazirdan tashqari mojaroda uning atrofidagi 300 dan ko‘proq kishi – uning qarindoshlari, siyosiy ittifoqdoshlari, CNPC neft-gaz korporatsiyasi xodimlari nomi tilga olingan. 2015 yil iyunda Yunkan poraxo‘rlik va davlat sirini ataylab oshkor qilgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. U barcha siyosiy huquqlardan mahrum qilingan, uning aktivlari musodara qilingan.
Xitoyda korrupsiyaga qarshi yirik miqyosdagi kurash hokimiyat tepasiga Si Tszinpin kelgandan keyin boshlangan. Xitoy aksilkorruptsion hamkorlikning global tarmog‘ini yaratmoqchi va jinoiy ishlarda xalqaro huquqiy yordamga tegishli qonunchilik aktlarini ishlab chiqish masalasini ko‘rib chiqmoqda.