Kuni kecha Andijon shahridagi Z.M.Bobur nomli viloyat musiqali va drama teatrida "2016 yilgi tadbirkor qizning eng yaxshi loyihasi" tanlovi g‘oliblarini mukofotlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.
“Tadbirkor qizning eng yaxshi loyihasi - 2016 yil” tanlovining hududiy bosqichlarida 858 nafar bitiruvchi qizlar “Ishlab chiqarish borasida eng yaxshi tadbirkor qiz”, “Servis sohasida eng yaxshi tadbirkor qiz” va “Qishloq xo‘jaligi sohasida eng yaxshi tadbirkor qiz” yo‘nalishlarida o‘zlarining biznes loyihalari bilan ishtirok etdi. Tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etgan 48 nafar bitiruvchi qizlarning 42 nafariga taqdim etgan loyihalari asosida viloyatdagi tijorat banklarining kredit olish imkoniyatini beradigan sertifikatlari topshirildi.
Tanlovning viloyat bosqichi yakunlariga ko‘ra, quyidagi qizlar g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanma oldilar: "Ishlab chiqarish borasida eng yaxshi tadbirkor qiz" yo‘nalishi bo‘yicha Gulnoza Mamasoliyeva (Andijon tumani maishiy xizmat kasb-hunar kolleji), Tanzila Madaminova (Paxtaobod yengil sanoat kasb-hunar kolleji), "Servis sohasida eng yaxshi tadbirkor qiz" yo‘nalishi bo‘yicha Odinaxon Ahmadjonova (Qo‘rg‘ontepa industrial pedagogika kolleji), Zebo Madixonova (Andijon tumani sanoat kasb-hunar kolleji), "Qishloq xo‘jaligi sohasida eng yaxshi tadbirkor qiz" yo‘nalishi bo‘yicha Ziyoda Mirzayeva (Baliqchi tumani, Chinobod qurilish kasb-hunar kolleji), Gavharoy Abduraimova (Xo‘jaobod transport kasb-hunar kolleji).
G‘oliblarga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari A. Rajabov va viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasining raisi M. Yunusovalar diplom va esdalik sovg‘alarni topshirdilar.
Elmurod ERMATOV, Andijon.