Turkiyada tashkil etilgan harbiy davlat to‘ntarishiga urinish chog‘ida bir necha jangovar vertolyotlar mamlakat razvedkasi bosh qarorgohiga hujum qilgan, deb xabar qilmoqda Reuters o‘z manbasiga tayangan holda.
Ushbu hujumlar oqibatida 3 kishi yaralangan. Razvedka xizmati rahbari Hoqon Fidan xavfsiz joyda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va bosh vazir Binali Yildirim bilan aloqada bo‘lib turgan.
Agentlikning aniqlik kiritishicha, razvedka boshqarmasi Turkiya qurolli kuchlari, politsiya va hukumat bilan hamkorlikda mamlakatda davlat to‘ntarishini amalga oshirmoqchi bo‘lgan harbiylarga qarshi maxsus amaliyotni davom ettirmoqda.
Avvalroq, Erdo‘g‘an tarafdorlari isyonchilarning ikkinchi vertolyotini ham urib tushirgani xabar qilingan edi.
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Turkiyadagi so‘nggi voqealarda qurbon bo‘lganlar soni 90 nafarga yetgan, mingdan ortiq odam yaralangan.