Turkiya bosqinchilar qo‘liga o‘tmaydi: Mamlakatda sodir bo‘lgan voqealar

Jamiyat 13:55 / 16.07.2016 36854

15 iyul kuni, jumadan shanbaga o‘tar kechasi Turkiyada hech kim uxlamadi, desak aslo yanglishmagan bo‘lamiz. Tarixda bir necha bor mamlakat siyosiy hayotiga aralashgan Turkiya armiyasi yana bir bor harbiy to‘ntarish qilishga urindi. Anqara va Istanbulda o‘q ovozlari eshitildi. Shaharlar ko‘chalarida harbiy patrullar paydo bo‘ldi. Aeroportlar berkitildi. Harbiy to‘ntarish tashkilotchilari mahalliy telekanal orqali bergan bayonotida demokratiyani himoya qilish asosiy maqsadlari ekanligini urg‘ulashgan. Ular qonun ustivorligi saqlanib qolinishi, halqaro aloqalar o‘zgarmasligini va'da qilishdi. Ularning fikricha, Erdo‘g‘on davrida mamlakatda avtoritarizm qaror topib, inson xuquqlari muntazam poymol etib kelinayotgan ekan. Harbiylar endilikda mamlakatni “Tinchlik Kengashi” boshqarishini ta'kidlashdi. Dini, irqi, tilidan qatiy nazar barcha insonlarning xuquqlari ta'minlanishiga va'da berishdi. Ular tez orada yangi konstitutsiya qabul qilinishi borasida bayonot berdilar.

Dam olishda bo‘lgan prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘on fuqarolarga FaceTime videoaloqasi orqali murojaat qilar ekan, ko‘chalarga chiqishlarini va shu tariqa demokratiyani muhofaza qilishga chaqirdi. U vaziyat barqarorlashmagunga qadar odamlar uylariga qaytmasliklari kerakligini ta'kidlab o‘tdi.

Turkiya armiyasi mamlakat shaharlaridagi ko‘chalarga chiqqani to‘g‘risidagi ilk xabar Toshkent vaqti bilan taxminan tungi 1.00larda paydo bo‘ldi. Harbiylar Istanbuldagi Bosfor bo‘g‘ozidagi ko‘priklarni egallab olishdi. Shuningdek, infratuzilma inshoatlari, hukumat binolari, jumladan, Istanbuldagi xalqaro aeroport va hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasining Istanbuldagi binosi harbiylar qo‘liga o‘tgani haqida xabar tarqatildi. Davlatga qarashli telekanal ko‘rsatuvlarini namoyish qilish to‘xtatildi. Bosh vazir Binali Yildirim mahalliy televideniya orqali chiqish qilar ekan, yuz berayotgan hodisalarni harbiy to‘ntarishga urinish deya baholadi. Mamlakatning barcha hududlarida komendantlik soati joriy qilindi. Oradan ko‘p o‘tmay harbiylar va fuqarolar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergani haqida xablarlar paydo bo‘ldi. Internet xabarlarida tanklar Anqaradagi parlament binosini qurshab olgani haqida axborot tarqatildi. Davlatga tegishli TRT milliy teleradiokompaniyasi binosiga bir nechta raketa kelib tushgani ma'lum qilindi. Prezident saroyi o‘qqa tutilgani borasida ham xabarlar tarqatildi. Shundan so‘ng Turkiyaning yirik shaharlarida prezidentning minglab tarafdorlari ko‘chalarga chiqdi. Parlament va mediamarkaz joylashgan hududda vaziyat keskin tus oldi.

Avvaliga prezidentning qayerdaligi ochiq aytilmadi. Uning samolyoti poytaxt Anqara aeroportiga yo‘l oldi, ammo qo‘nishning iloji bo‘lmadi. Shu sabab Istanbul tomon parvoz qildi. Shunda bir qator axborot agentliklari prezidentning Germaniyaga qochib ketayotgani borasida shov-shuvli xabar tarqatdi. Biroq bu xabarlar tasdiqlanmadi. Toshkent vaqti bilan 6.00lar atrofida Erdo‘g‘on Istanbul xalqaro aeroportida jurnalistlar oldida paydo bo‘ldi va ilk bayonot bilan chiqdi. U jinoyatchilar shafqatsiz tarzda jazoga tortilishini ta'kidladi. Xalqqa qilgan murojaatida prezident harbiy to‘ntarish ishtirokchilarini sotqinlar va Vatan xoinlari deb atadi. Erdo‘g‘on mamlakat okkupantlar qo‘liga tushib qolmasligiga odamlarni ishontirdi. Prezident o‘z so‘zida Qurolli Kuchlar tarkibida keskin tozalashlar o‘tkazilishiga va'da berdi.

Bosh vazir o‘rinbosari Mexmet Shimshek Amerikaning CNN telekompaniyasiga bergan intervyusida harbiy to‘ntarishga bo‘lgan urinish barbod bo‘lganini ma'lum qildi. Hukumat nazoratni o‘z qo‘liga olganini ta'kidladi. Harbiy to‘ntarishga uringanlarning ayrimlari qo‘lga olindi. Generallardan biri o‘ldirildi. Parlament binosini o‘qqa tutgan harbiy vertolyot urib tushirildi. Ayni damda vaziyat barqarorlashmoqda.

Adliya vaziri Bekir Bozdagning aytishicha, harbiy to‘ntarish ortida yozuvchi va jamoat arbobi Fatullax Gulen boshchiligidagi “Xizmat” deb nomlanmish harakat turibdi. Biroq harakat rahbariyati bu ayblovlarni keskin inkor qilmoqda. Ma'lumki, ayni damda AQShda istiqomat qilib kelayotgan Gulenga nisbatan Turkiyada bir nechta jinoiy ish ochilgan. Bugun erta tongda tarqatilgan xabarlarga qaraganda, harbiy to‘ntarishni bir guruh harbiy prokurorlar va 46 nafar yuqori lavozimli zobitlar uyushtirgan. Aytilishicha, armiya ichida bo‘linish yuz bergan. Isyonkorlarni faqat Quruqlikdagi qo‘shinlar va Harbiy Havo kuchlarigina qo‘llab-quvvatlagan. Guvohlarning so‘zlariga qaraganda, harbiy to‘ntarish oliy maqomdagi generalitet tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, o‘rta va quyi bo‘g‘indagi zobitlar Erdo‘g‘onning murojaatidan keyin hukumat tomoniga o‘tgan.

Armiya, odatga ko‘ra, Turkiyada siyosiy hayotda faol ishtirok etib keladi. Harbiy qo‘mondonlar shu tariqa dunyoviy davlat asoschisi Kamol Otaturk merosini saqlab qolishga intilayotganlarini aytib kelishadi. Ma'lumki, Adolat va taraqqiyot partiyasi hokimiyatga kelgach Erdo‘g‘on bir necha bor harbiylarning siyosiy hayotdagi ishtirokini pasaytirishga urindi. Uning hukmronligi davrida harbiy qo‘mondonlik tarkibida bir necha bor tozalashlar o‘tkazildi. Nafaqat armiya qo‘mondonligiga, balki politsiya va maxsus xizmatlarga ham Erdo‘g‘on tarafdorlari qo‘yildi.

Turk Jumhuriyati tashkil etilgan davrdan beri harbiylar to‘rt marta hokimiyatni o‘z qo‘llariga olishga intilishgan.

1960 yilning 27 may kuni general Jamol Gursel rahbarligida yuqori lavozimli zobitlar tomonidan tashkil etilgan Maxfiy qo‘mita buyrug‘iga binoan prezident Mahmud Jalol Bayar, bosh vazir Adnan Menderes, hukmron Demokratik partiya vakillaridan iborat hukumat a'zolari xibsga olindi. Hokimiyat boshqaruvi Jamol Gursel boshchiligidagi Milliy Birlik qo‘mitasi qo‘liga o‘tdi. Keyinchalik hukumat rahbarlarining hammasi tribunal tomonidan sud qilindi. Bosh vazir Menderes qatl etilib, Bayar umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi (1966 yilda to‘laligicha oqlandi). Demokratik partiya tarqatib yuborildi.

1971 yilning 12 mart kuni Mamdux Tagmach rahbarligidagi harbiy qo‘mondonlar 1965 yildan beri hukumat ni boshqarib kelayotgan Sulayman Demirelni hokimiyatdan chetlashtirdi. Ma'lumki, bir necha kun avval harbiylar Demirelga memorandum topshirib, unda demokratik hukumat tuzish talab qilingan edi. Biroq bosh vazir bu talabni bajarmagan edi. Shundan keyin hokimiyatga kelgan harbiylar konstitutsiyaga o‘zgartish kiritib, armiya rolini mustahkamlab qo‘yishdi. Matbuot va kasaba uyushma faoliyati cheklandi. Harbiy to‘ntarish bo‘lishiga qaramay, parlament tarqatib yuborilmadi. Nixat Yerim boshchiligidagi yangi hukumat harbiy qo‘mondonlar chizib bergan chiziqdan chiqmadi. Sulayman Demirelga hech qanday ayb qo‘yilmadi. Keyinchalik u to‘rt marta (1975—1977, 1977—1978, 1979—1980, 1991—1993 yillarda) bosh vazir, 1993 yildan 2000 yilgacha prezident lavozimlarni egallashga muvaffaq bo‘ldi.

1980 yilning 12 sentabr kuni general Kenan Evren(Qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘i) o‘zining to‘rt nafar hammaslagi bilan Sulayman Demirel boshchiligidagi hukumat ag‘darib tashlangani borasida bayonot bilan chiqishdi. Harbiylar tomonidan Milliy Xavfsizlik kengashi tuzildi. Hukumat va parlament tarqatib yuborildi, siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalari faoliyati taqiqlandi. Mamlakat konstitutsiyasining faoliyati to‘xtatildi.

1997 yilning 28 fevral kuni harbiylar Memorandum qabul qildi. Unda Mustaffo Kamol Otaturk tashkil qilgan dunyoviy davlat asoslari saqlanib qolishi ta'kidlanadi. Harbiylar talabi bilan islomiy Partiya rahbari Najmiddin Erbakan iste'foga chiqishga majbur bo‘ladi. Harbiylar parlamentni tarqatmaslik, konstitutsiya faoliyatini to‘xtatmaslikka qaror qilishdi.

Endi Turkiya Qurolli kuchlari haqida qisqacha ma'lumot beradigan bo‘lsak, harbiyloar soni bo‘yicha jahonda 8 o‘rinda, NATOga a'zo mamlakatlar orasida esa AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Turkiya armiyasi Quruqlikdagi qo‘shinlar, Harbiy dengiz kuchlari, Harbiy Havo kuchlaridan iborat. Qurolli mojarolar boshlangudek bo‘lsa, Ichki ishlar vazirligi tarkibidagi jandarmeriya va sohil qo‘riqchilari ham armiyaga bo‘ysinadi.

Turk harbiylari armiya tarixini eramizdan avvalgi 209 yildan boshlashadi. Biroq zamonaviy Turkiya qurolli kuchlari 1920 yillarda shakllantirila boshlangani aytiladi.

Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident oliy bosh qo‘mondon hisoblanadi. Armiyaga Bosh shtab rahbarlik qiladi. Bosh shtab boshlig‘i hukumat bilan maslaxatlashuvlardan so‘ng prezident tomonidan tayinlanadi. Qurolli kuchlar chaqiruv asosida shakllantiriladi. 20 yoshdan 41 yoshgacha bo‘lgan erkaklarning hammasi harbiy xizmat qilishga majbur. Oliy ma'lumotga ega bo‘lmaganlar 12 oy, oliy ma'lumotlilar esa olti oy armiyada xizmat qiladi. 2015 yil noyabr oyi ma'lumotlariga qaraganda, ayni damda Qurolli kuchlar saflarida 412,6 ming kishi xizmat qilmoqda. (Bunga armiyadagi fuqarolar, jandarmeriya va soxil qo‘riqchilari kirmaydi). Zahiradagi harbiylar soni 378,7 ming kishidan iborat. Harbiy havo kuchlarida 1 mingta samolyot, jumladan 200 ta (F-4, F-5, F-16) qiruvchi samolyot, 450 ta vertolyot bor. Harbiy dengiz kuchlarida esa 19 fregat, 8 ta korvet, 13 ta suv osti kemasi mavjud.

​Endi savol tug‘iladi, nima uchun harbiy to‘ntarish urinishi natija bermadi?

Tahlilchilarning fikricha, to‘ntarishda nisbatan oz sondagi askarlarning qatnashgani, yuqori mansabli qo‘mondonlar harbiy to‘ntarish urinishini qoralab chiqqani, xalqning harbiy to‘ntaruvchilarga qarshi chiqqani va nihoyat ijtimoiy tarmoqlarning ta'siri tufayli to‘ntarish barbod bo‘lgan.

Sharofiddin To‘laganov

Ko‘proq yangiliklar: