Andijon viloyatida 11-15 kunlari bo‘lib o‘tgan “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mavzusidagi targ‘ibot tadbirlari yuqori ko‘tarinkilik va yuksak saviyada o‘tkazildi. Tadbirga tashrif buyurgan Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi vakillari va san'at namoyondalari viloyatdagi 70 mingdan ziyod aholi vakillari bilan muloqotda bo‘ldilar. Uchrashuvlarda yurtimizning bugungi kunda barcha sohalarda qo‘lga kiritib kelayotgan ulkan yutuqlari, shu bilan birga, hozirgi murakkab zamonda yoshlarimiz ongini milliy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan zararli g‘oyalar ta'siridan himoya qilishga har birimiz jiddiy yondoshishimiz lozimligi e'tirof etildi. Erkin munozara tarzida o‘tgan mashvaratlarda aholi vakillari va yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob topdilar.
15 iyul kuni Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ining Amfiteatr majmuasida tadbirning katta gala konserti tinchlik, farovonlik, g‘urur-iftixor ayyomiga aylanib ketdi. Katta ekranda “Kim edigu kim bo‘ldik” videoroligi namoyish etildi.
Shundan so‘ng taniqli san'at ustalari, teatr va kino aktyorlari, yosh estrada xonandalari ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.
Andijon bo‘ylab o‘tkazilgan tadbirlar davomida xalqimizning ko‘nglida ko‘tarinki kayfiyat, surur va bugungi kunidan shukronalik hissi beqiyos darajada ko‘tarinki ekanligiga guvoh bo‘ldik.
Andijondan Elmurod Ermatov va Rustamjon Eshonov tayyorladi.