Tuproqni Xudo deb bilma!

Jamiyat 10:08 / 15.07.2016 13398

Avvaldan aytib qo‘yish lozim — bunda o‘zimni zarracha maqtash niyatim yo‘q. O‘shanda nimaiki bo‘lgan bo‘lsa, Allohning izni bilandir. Bu hikoya bundan 11 yil muqaddam, xorijiy davlatlardan biriga qilingan safar chog‘ida bo‘lgan edi. Dunyoning 18 ta davlatidan til o‘rganish kursi amaliyotini o‘tash uchun kelgan 120 chog‘li talaba ichida estoniyalik ikki qiz ham bor edi. Ularning kitobxonligi, ayniqsa, ko‘ngilochar dasturlar chog‘ida o‘zlarini chetga olib turishi, har bir narsa-hodisaga ajib hayrat bilan boqishlari e'tiborimni tortdi. Bir oqshom diskoteka va cho‘milishdan bosh tortgan uch-to‘rt kishi bir stol atrofida o‘tirib qoldik va yaqindan tanishdik. Biri Alisa, ikkinchisi Kadri ekan. Sharqshunoslik fakultetida o‘qisharkan. Suhbatimiz sharq allomalari asarlariga taqalganda Alisa so‘rab qoldi:
— Nega “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin” kabi asarlarda oshiq-ma'shuqlar visolga yetmaydi? Barchasida bir xillik... Axir hayotda hadeb bunday bo‘lavermaydi-ku...
Men ularga majoziy ishq, tasavvuf haqida bilganlarimni aytdim. Bunda biru bor bo‘lgan Allohga intilish borligini anglatdim. Qizig‘i, ular hali Islom haqida tasavvurga egamas ekan. Gap aylanib dinlarga taqaldi. Shunda ulardan so‘radim:
— Sizlarning diningiz nima? 

Ular yelka qisishdi. 

— Ibodat qilasizlarmi? 

— Ha, tuproqqa sig‘inamiz, — deyishdi. 

— Nega? — dedim beixtiyor. 

— Chunki u bizga rizq beradi. Undan turli noz-ne'mat unib chiqadi. 

— Lekin sizu-biz uning yuziga oyoq qo‘yamiz-ku? 

— Ahlatu chiqindilar ham uning bag‘riga to‘kiladi... — Yonimdagi qrimlik do‘stim ham muloyim tabassum ila qo‘shimcha qildi. 

   Ularning yuzi qizardi. Biri bahsga kirishdi. Lekin men yotig‘i bilan yerni xohlagancha “tahqirlasa” bo‘lishini, qo‘l bilan ushlash, oyoq bilan tepish, qo‘polroq aytganda ustiga bavl qilish ham mumkin bo‘lgan narsa hech qachon Xudo bo‘lolmasligini aytdim. Ular xayrlashmay turib ketishdi. 

Oradan uch kun o‘tgach, Alisa bir ahvolda yonimga keldi. Ko‘zlari kirtaygan, rangi so‘niqqan. Parishon bir vaziyatda salomni ham unutib savol berdi: 

— Bordi-yu, yer Xudomas ekan, unda kim? 

— Alloh! 

— U qayerda? 

— Hamma joyda. 

— Nega endi Quyosh, Oy yoki ko‘rinib turgan boshqa bir jism emas, ko‘rinmas bir narsani aytayapsan? 

— Uni ko‘rish, ushlash mumkin bo‘lganida Iloh bo‘lolmasdi... 

— Ko‘rmay turib ishonib bo‘lmaydi-ku, axir...
Uning iztirobini his qilardim. Sal narida sherigi ham mo‘ltirab turgan ekan. Ikkisini o‘rindiqqa taklif etdim va savollar berdim. 

— Xo‘sh, jismingiz ko‘rinadi-yu, ruhingiz-chi? Daraxtni tebratayotgan shamolni aynan ko‘rib turibsizmi? Kislorodni-chi?... Ko‘rmay turib ham borligiga barchamiz shohidlik beradigan qancha yaratiq bor axir... 

    Har ikkisi ham o‘yga toldi. Yana xayrni nasiya qilib, o‘z tilida o‘zaro gaplashib ketib qolishdi. Safarimiz yakuniga yetay deganda ular yana yo‘limni kesib chiqishdi. Birinchi bo‘lib Alisa gap boshladi: 

— Musulmon bo‘lmoqchiman! Dugonam yana bir karra o‘ylab ko‘radi. Xo‘sh, diningning shartlari qanday? Qiyin emasmi? Uni qaysi kitobdan o‘rgansam bo‘ladi?... 

Ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi. 

— Subhonalloh! — dedim. 

— Bu nima deganing? — tushunolmay so‘radi Alisa. 

    O‘zimni qo‘lga olib, Yaratganga shukr aytib, do‘stimning savollariga javob berdim. U esa qolgan vaqtda faqat kitob do‘konlariga kirib, turli tillardagi Qur'oni karimni yig‘ishga tutindi.... 

Uchoqqa chiqish oldidan har ikkisi o‘z sovg‘asini berdi. Men ham ularga sharq allomalarining sara asarlaridan hadya qildim... 

Oradan ancha vaqt o‘tib, Alisadan maktub oldim. U bir musulmon yigitga turmushga chiqibdi. Farzandlariga ham Allohni tanitayotgan ekan... 

P.S: Hikoya Qadriyat.uz saytida e'lon qilingan. Muallif: Abdulatif Abdullayev

Ko‘proq yangiliklar: