Nitstsadagi terakt qurbonlari orasida kamida 10 nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqida The Telegraph xabar berdi. Mahalliy hukumat vakillarining bergan ma'lumotlariga ko‘ra, terakt natijasida jabrlanganlarning 18 nafari shifoxonalarning jonlantirish bo‘limida hayot bilan kurashmoqda.
Manbaning xabar qilishicha, mansabdor shaxslar halok bo‘lganlarning soni o‘sishidan xavotirda.
Nitstsadagi teraktdan so‘ng Fransiyada uch kunlik motam e'lon qilindi.
14 iyulda Fransiyaning milliy bayrami sifatida nishonlanadigan Bastiliyaning olinishi kuni mamlakat tarixida eng musibatli kunlardan biri sifatida esda qolsa kerak. Shu kuni Nitstsada yuk mashinasi ko‘chada bayramni nishonlash uchun to‘plangan odamlarning ustidan bosib ketgan. Oqibatda kamida 84 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 120 dan ko‘proq odam jarohat olgan.