Internetda Nitstsadagi terakt ijrochisini to‘xtatib qolishga uringan mototsiklchining harakati tasvirlangan video paydo bo‘ldi. U yuk mashinasini ta'qib qiladi va yetib olgach, uning eshigini ochishga uringan vaqtida yiqilib, g‘ildiraklar ostida qoladi.
"Men balkonda turar edim... odamlar qanday bayram qilishayotganini tomosha qilib. Birdan paydo bo‘lgan yuk mashinasi olomon ustiga yura boshladi. U juda sekin harakatlanayotgandek edi... mashinani mototsikl ta'qib qilib borardi. Motosiklchi yuk mashinasiga yetib olgach, haydovchi tomonidagi eshikni ochishga urindi, lekin shu vaqtda pastga quladi va g‘ildiraklar ostida jon berdi", deya hikoya qiladi voqea guvohiga aylangan germaniyalik jurnalist Rixard Gut'yar.
14 iyul kuni, mahalliy vaqt bilan soat 22:30da Nitstsadagi Lazur qirg‘og‘ida terrorchi yuk avtomobilini mushakbozlikni tomosha qilishga to‘plangan odamlar ustiga haydadi. Natijada 84 kishi halok bo‘lib, yuzdan ortiq kishi jarohatlangan.
Guvohlar ma'lumotiga ko‘ra, yuk mashinasi 2 kilometr masofada odamlarni bosib o‘tgan. Undan tashqari terrorchi odamlarga qarata o‘q otgan. Politsiya uni yo‘q qilgan.
O‘zbekistonning Parijdagi elchixonasi ayni damda Fransiya qutqaruv xizmatlari bilan aloqada bo‘lib Nitstsada O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan-bo‘lmaganiga aniqlik kiritmoqda.