Qozog‘istonlik sayyohlar Nitstsadagi teraktda jabrlanmagani ma'lum qilindi

Jahon 11:56 / 15.07.2016 3838

Nitstsada terakt amalga oshirilgan vaqtda hududda 4 nafar qozog‘istonlik sayyoh ham bo‘lgan, ularga shikast yetmagan. Bu haqda Qozog‘iston TIV vakili Anuar Jaynakov ma'lum qildi.

"Kechasi TIVga Qozog‘iston fuqarosi murojaat qilib, o‘zining Nitstsa shahridagi Ingliz qirg‘og‘iga  yaqinda joylashgan mehmonxonada ekani, yonida yana 3 nafar qirg‘izistonlik borligi haqida ma'lum qildi. Ular oyna orqali ko‘chada odamlarning jasadlarini ko‘rib, o‘z hayotlaridan xavfsirashganini aytib, yordam so‘rashgan. O‘z navbatida ularga diplomatlarimiz maslahatlar berishdi. Ularga xavfsizlik choralariga rioya etish tavsiya qilindi. Ular hozirda xavfsiz sharoitda. Ularning hech biriga shikast yetmagan", deya Jaynakovning so‘zlarini keltiradi "Novosti-Kazaxstan".

Jaynakov gap juftlik va ularning 2 farzandi haqida ketayotganiga aniqlik kiritgan.

Qozog‘iston TIV Nitstsa terakti qurbonlari va jabrlanuvchilari orasida qozog‘istonliklar yo‘qligini ta'kidlagan.

14 iyul kuni kechqurun Nitstsadagi Ingliz qirg‘og‘ida mudhish hujum amalga oshirildi. U yerda o‘sha vaqtda Fransiya Milliy bayrami sharafiga otilgan mushaklarni tomosha qilayotgan minglab kishilar bo‘lgan. Odamlar ustiga yuk mashinasi bor tezligi bilan bostirib kirgan. Mashina 2 km masofa bo‘ylab odamlarni bosib o‘tgan. Shuningdek, ruldagi haydovchi chor atrofga o‘q uzgan. Politsiyachilar uni otib o‘ldirishgan.

Mamlakat prezidenti Fransua Olland bu hodisani terakt sifatida baholadi.

Fransiya ichki ishlar vazirligi bergan so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, bu terakt natijasida 84 kishi halok bo‘ldi, jabrlanganlarning 18 nafari og‘ir ahvolda.

Bundan oldinroq, Rossiyaning Marseldagi Bosh konsulxonasi bir nafar rossiyalik halok bo‘lgani haqida ma'lum qilgan edi. Yana bir Rossiya fuqarosi jarohat olgan, bir necha kishi qidirilmoqda.

O‘zbekiston TIV hozircha bu terakt haqida ma'lumot bermadi.

Ko‘proq yangiliklar: