Fransiya prezidenti Fransua Olland 14 iyul kechki payt Fransiya milliy bayrami – Bastiliyaning olinishi kunini nishonlash vaqtida uyushtirilgan hujum munosabati bilan Nitstsa aholisiga hamdardlik bildirdi. Davlat rahbari ularga zarur bo‘lgan istalgan ko‘makni ko‘rsatishga va'da berdi. Bu haqda Yelisey saroyida ma'lum qilindi.
Olland hujum munosabati bilan, shuningdek, xalqqa televideniye orqali murojaat qildi.
"Terrorchilar yana Fransiyaga zarba berishdi. Bu fanatiklar tomonidan inson huquqlari tan olinmaydi va Fransiya ko‘rinishicha ularning asosiy nishoniga aylandi. Bu juda dahshatli va biz terrorchilik bilan kurashishga qodirligimizga ishonch hosil qilish uchun barcha ishni qilishimiz kerakligi hammamizga ayon. Biz to‘liq hushyorlik namoyon qilishimiz, himoyamiz darajasini oshirishimiz lozim", deb aytdi Olland.
Olland, shuningdek 26 iyulda tugashi kerak bo‘lgan favqulodda vaziyat tartibining yana 3 oyga uzaytirilishini ma'lum qildi. Uning aytishicha, tegishli qonun loyihasi yaqin kunlarda parlamentga kiritiladi.
14 iyul kechki payt Nitstsada yuk mashinasi haydovchisi shaharning Ingliz sohilbo‘yisida bayram munosabati bilan otiladigan salyutni tomosha qilgani to‘plangan odamlarni ataylab bosib ketgan. Guvohlarning aytishicha, haydovchi zigzag tarzida to‘xtamasdan yurib odamlar ustiga bostirib borgan. U iloji boricha ko‘proq odamlarni bosish maqsadida shu tarzda 2 km ga yaqin yo‘l bosib o‘tgan va shundan keyin odamlarga qarata o‘q uzgan. Maxsus operatsiya natijasida bosqinchi yo‘q qilingan.
Ushbu hujum uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda 15 iyulda Daily Mail nashri xabar berdi. Biroq buning rasmiy tasdig‘i hozircha yo‘q.
"Frantsuz OAVning tasdiqlanmagan ma'lumotlariga ko‘ra, hujum uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan", deyilmoqda gazeta bergan xabarda.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, kamida 80 kishi halok bo‘lgan, 120 dan ko‘proq kishi jarohat olgan.