Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari uyushmasi (ASeAN) Haaganing Janubiy Xitoy dengizi bo‘yicha chiqargan qaroriga qo‘shma bayonot bildirishdan bosh tortdi. Bu haqda Laos Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga asoslanib, Bangkok Post xabar tarqatdi.
Tashkilotga bu yil aynan Laos raislik qilmoqda.
Haaganing Filippin foydasiga chiqargan qarori
12 iyul kuni Haagadagi xalqaro arbitraj sudi Filippinning XXRning Janubiy Xitoy dengizida qurilish ishlari olib borishiga qarshi da'vosini qabul qildi. Sud qaroriga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasi Spratli arxipelagi hududidagi neft va gazga boy iqtisodiy hududga da'vogarlik qilishga haqli emas.
Pekin bir necha o‘n yildan buyon hududning ba'zi mamlakatlari bilan Janubiy Xitoy dengizidagi bir qator orollarning hududiy daxldorligi yuzasidan bahs yuritib kelmoqda. Gap, birinchi navbatda, Sisha arxipelagi (Parasel orollari), Nansha orollari (Spratli) va Xuan'yan (Skarboro marjon qoyalari) haqida bormoqda.
Bahsga u yoki bu darajada Vetnam, Bruney, Malayziya va Filippin ham aralashgan. 2013 yilning oxiridan buyon Pekin Janubiy Xitoy dengizida sun'iy orollarni yaratish, shuningdek, ushbu hududlarni kengaytirish va o‘zlashtirish yuzasidan yirik ko‘lamli gidrotexnik va qurilish ishlarini olib bormoqda.
Ba'zi ekspertlarning baholashicha, Pekin bu kabi harakatlar orqali hudud ustidan nazoratni qo‘lga kiritishga intilmoqda.