Irlandiya YaIM 26 foizga o‘sdi

Iqtisodiyot 10:10 / 13.07.2016 5361

Irlandiya markaziy statistika boshqarmasi mamlakat YaIMni baholash usulini qayta ko‘rib chiqqanidan so‘ng, bu boradagi ko‘rsatkich salkam 3 baravarga o‘sgan. Bunga, Irlandiyaga qator yirik xalqaro kompaniyalarning bosh qarorgohlari ko‘chib o‘tgani ham asos bo‘lgan. Shunday qilib, 2015 yilgi 7,8 foizlik yalpi ichki mahsulot qayta hisoblashdan keyin 26,3 foizga o‘zgargan. Bu ikki raqam, Yevropadagi eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Mamlakat YaIMning o‘sishiga sanoat va qurilish sohalaridagi ishlab chiqarish hajmi qiymatining tez sur'atlarda ko‘tarilishi ta'sir qilgan. Statistika boshqarmasiga ko‘ra, bu raqam 46,525 mlrd yevrodan 87,144 mlrd yevroga yetgan.

Ta'kidlanishicha, 2015 yili boshqa sohalarda ham o‘sish qayd etilib, 5,7 dan 10,4 foizgachani tashkil etgan. Irlandiya eksporti 34,4 foizga, importi 21,7 foizgacha ko‘tarilgan. 

Ammo, iqtisodchi Jim Pauerning The Irish Independent gazetasiga aytishicha, bu raqamlarning barchasi haqiqatga mos kelmaydi. Uning fikricha, hozircha o‘sish sur'ati haqida gapirishdan avval, mavjud vaziyatni yaxshilab baholash lozim. 

«Biz ishsizlik darajasi, soliq tushumi, iste'mol darajasi va iste'molchilarning ishonchi kabi omillarni ko‘rib chiqishimiz kerak», — degan  Pauer.

Irlandiya moliya vaziri Maykl Nunenning esa mamlakat iqtisodiyoti o‘sishda davom etishiga ishonchi komil. Uning so‘zlariga ko‘ra, YaIM o‘sishi tufayli mamlakat arzon kreditlar olishi uchun moliyaviy barqarorligini isbotlashi talab etilmaydi. Xususan, mamlakatning qarzi avvalgidek YaIMning 88 foizi emas, 80 foizini tashkil etadi. 

Ko‘proq yangiliklar: