Bloomberg: Airbus A380 avialaynerlarini ishlab chiqarish talab kamligi tufayli qisqartiradi

Iqtisodiyot 12:22 / 13.07.2016 6199

Airbus aviaqurilish korporatsiyasi A380 yo‘lovchi laynerlarini ishlab chiqarishni unga bo‘lgan talabning kamligi sabab qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqida Bloomberg ma'lum qildi

Unga ko‘ra, Airbus bir necha yil avval yaqin 20 yilda 1,2 ming A380 laynerini sotishni prognoz qilgan. Biroq 2005 yilda ushbu model ishlab chiqarila boshlagandan so‘ng korporatsiya faqatgina 193 ta samolyotini sotishga muvaffaq bo‘ldi, yana 126 ta layner buyurtma qilingan va hozirgi paytda ishlab chiqarishga navbat poylab turibdi. 

Manbaga ko‘ra, bugungi kunda A380 laynerining yagona buyurtmachisi BAAning Emirates Airlines aviakompaniyasidir. "AQShning birorta tashuvchisi A380 laynerini sotib olgani yo‘q, yapon aviakompaniyalari esa bir nechtasinigina xarid qilishdi", - deya ta'kidlaydi agentlik. Shunisi diqqatga sazovorki, A380 samolyoti Airbus'ning eng qimmat modeli hisoblanadi, bunday havo kemasining bahosi - 430 million dollardan ortiq.

Keyingi yildan boshlab koporatsiya A380 laynerlarini ishlab chiqarishni yiliga 27 ta samolyotdan 20 tagacha qisqartirishni rejalashtirmoqda. 2018 yildan esa bu model oyda bir marta ishlab chiqariladigan bo‘ladi. 

Airbus A380 - keng fyuzelyajli ikki palubali reaktiv yo‘lovchi samolyoti bo‘lib, u dunyodagi eng yirik seriyali avialayner hisoblanadi. U o‘z ichiga 853 nafar yo‘lovchini sig‘dira oladi. Layner 15 ming kilometrgacha bo‘lgan masofaga qo‘nimsiz parvozlarni amalga oshirishga qodir. 
 

Ko‘proq yangiliklar: