Bugun e'tiboringizga u yoki bu sabablarga ko‘ra sayyohlarning kirishi taqiqlangan joylar xaqida ma'lumot beramiz.
Keymada-Grandi oroliga zaharli ilonlarning ko‘pligi sabab sayyohlarning kirishi taqiqlangan. Orol Braziliya sohillaridan 35 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ko‘rinishidan jannatmonandga o‘xshaydi, ammo orolga borish tavsiya etilmaydi. Chunki bu yerga borish hayotingiz xavf ostida qoladi, demakdir. Yam-yashil orol zaharli ilonlarga to‘lib toshgan. Olimlarning so‘zlariga qaraganda, 0,43 kvadrat kilometrda 4000 ilon mavjud. Eng xavflisi ilonning botrops turidir. Bu ilonning zahri boshqa ilon zaharlaridan besh barobar kuchli ekani aytiladi. Bu ilon chaqqan har qanday odam shu zahoti vafot etadi. Mana shularni inobatga olgan Braziliya hukumati Keymada-Grandi oroliga sayyohlarning borishini taqiqlagan. Xalq bu yerni ilonlar oroli deb ataydi.
Syurtsey oroliga ham borish taqiqlangan. 1963 yilda Islandiya suvlarida suvosti vulqonlari qayd qilindi. Vulqon natijasida yangi orollar paydo bo‘ldi. 2,7 kvadrat kilometrga teng bu orol turli mamlakat olimlarining diqqat e'tiboriga tushdi. Orolga afsonalardagi olovlar hukmdori Surt sharafiga Syurtsey nomi beriladi. Bu yerda ilmiy ishlar olib borilayotgani bois sayyohlarning kirishi mumkin emas. Orol paydo bo‘lganidan beri olimlar bu yerda o‘simliklarning o‘sishi, hashoratlarning paydo bo‘lishi, qushlarning hayot kechirishi bilan bog‘liq hodisalarni o‘rganishadi. Shu tariqa vulqonlarning otilishi natijasida paydo bo‘lgan quruqlikda hayot qanday paydo bo‘lgani o‘rganiladi. Agar 80-yillarda mazkur orolda o‘simliklarining 20 ta turi kuzatilgan bo‘lsa, 2008 yilga kelib ularning turi 69 taga yetdi. To‘g‘ri 2000 yilga kelib eroziya va to‘lqinlar tufayli quruqlik 1,5 kvadrat kilometrgacha qisqardi. Ayni damda Syurtsey orolidagi quruqlikning qisqarishi ancha kamaygan. 2008 yilda YuNeSKO orolni Jahon Madaniy merosi ro‘yxatiga kiritdi.
Shimoliy Sentinel orolini ham taqiqlangan joylar ro‘yxatiga kiritish mumkin. Bengal ko‘rfazidagi Andaman orolida sentinel qabilasiga mansub aholi istiqomat qiladi. Bu qabila vakillari zamonaviy dunyo bilan mutlaqo aloqa qilmaydi. Shu sababli orolga tashrif buyurgan har qanday sayyoh, albatta, mahalliy xalq vakillari tomonidan hujumga uchraydi. Olimlarning fikricha, mahalliy aholi salkam 60 ming yildan beri atrof-muhitdan ayri holda istiqomat qiladi. Ularning soni yil sayin kamayib bormoqda. Ayni damda orolda 50 dan 400ga yaqin aborigen yashaydi. Bu odamlar o‘z hududlarini himoya qiladilar. Ular 2004 yilda sunamidan aziyat chekkan hududlarini nazorat qilayotgan hukumatga tegishli vertolyotga o‘q otishgan edi. 2006 yilda baliqchilar hujumga uchraganidan so‘ng hukumat sentinellarning yeridan uzoqroqda bo‘lishni maslahat berdi. Olimlarning bu qabila bilan aloqa o‘rnatish borasidagi barcha sa'y-harakatlari samarasiz yakunlandi.
Yaponiyada Ise-dzingu ibodatxonalar majmuasi bor. Ibodatxona yog‘och devorlar bilan qurshab olingan. Uning ichkarisiga faqat yuqori lavozimli ruhoniylar va imperator oilasi a'zolarigina kirishi mumkin. Qolganlar esa ibodatxonani tominigina ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lishadi. 1945 yilgacha Miyagava daryosi tufayli tashqi dunyodan butunlay uzilib qolgan Ise ibodatxonasiga kirish mutloqo mumkin emas edi. Monaxlarning daryoni kesib o‘tishlari taqiqlangan edi.
Hindistonda Yo‘lbarslar qo‘riqxonasi bor. 2012 yilda mamlakat Oliy sudi Hindistondagi bengal yo‘lbarslari mavjud barcha milliy bog‘larni sayyohlar uchun yopiq, deb e'lon qildi. Barcha shtat rasmiylari noyob hayvonlar saqlanadigan hududlarda muhofaza devori barpo etishga majbur bo‘ldi. Ko‘rilgan bu kabi choralar sayyohlar oqimiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Ammo yo‘lbarslar sonining ko‘payishiga sabab bo‘ldi. So‘nggi yillarda Hindistonda yo‘lbarslar soni ancha ortgani aytiladi. Masalan, 2010 yilda 1706 ta yo‘lbars ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2014 yilda ularning soni 2226 taga yetdi.
Gryuinard oroliga ham sayyohlar bora olmaydi. 1942 yilda Buyuk Britaniya hukumati biologik qurol bo‘lmish - kuydirgini sinash maqsadida Shotlandiyadan Gryuinard orolini sotib oldi. Britaniyalik olimlar sinovdan qoniqish hosil qilishdi. Kuydirgi hududlarni jiddiy zararlantiradi hamda odamlar va hayvonlar hayoti uchun bir necha o‘n yillar mobaynida katta xavf tug‘diradi. O‘tgan asrning 80-yillariga qadar orol sayyoramizdagi eng xavfli hudud sifatida tan olingan. 1986 yilga kelib olimlar orolni tozalashga muvaffaq bo‘lishdi. Shundan so‘ng orolga qo‘ylar qo‘yib yuborildi. Hayvonlar deyarli kasallanmadi. 1990 yilda orol xavfsiz deya e'lon qilindi. Biroq hech kim shu kunga qadar bu orolga borishni istamyapti. Arxeologlarning aytishicha, kuydirgi qoldiqlari orolda qolgan bo‘lishi mumkin. Shu sababli ham yana yuz yillar davomida bu orolda insonlarning yashashi maqsadga muvoffiq emas deb ko‘riladi.
Sharofiddin To‘laganov