Rossiyaning Tu-22M3 bombardimonchi samolyotlari 12 iyul ertalabki payt Palmiradan sharqroqda jangarilar obektlariga oskolka-fugasli bombalar bilan zarbalar berdi. Bu haqda Rossiya mudofaa vazirligida ma'lum qilindi, deb xabar bermoqda "Interfaks" axborot agentligi.
Rossiyadagi bazalardan havoga ko‘tarilgan 6 ta samolyot IShID jangarilarining Palmiradan sharqroqdagi, As-Suhna va Araqdagi pozitsiyalarini bombardimon qilgan.
"Zarba oqibatida jangarilarning yirik dala lageri, uchta o‘q-dori va qurol-aslaha ombori, uchta tank, 4 ta piyoda askarlar harbiy mashinasi, yirik kalibrli pulemyotlar bilan jihozlangan 8 ta avtomobili hamda dushmanning katta sondagi tirik kuchi yo‘q qilindi", deb aytildi vazirlikda.
Mudofaa vazirligida AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari hujum haqida oldindan ogohlantirilgani ta'kidlab o‘tildi.
8 iyulda Xoms viloyatida jangarilar pozitsiyalariga hujum qilinayotgan vaqtda polkovnik Ryafagat Xabibullin va leytenant Yevgeniy Dolgin boshqargan vertolyot urib tushirilgandi. Uchuvchilar halok bo‘lgan.
Rossiya mudofaa vazirligining rasmiy taxminiga ko‘ra, Suriyaga tegishli Mi-25 vertolyoti urib tushirilgan. Rossiyalik harbiylar unda tekshiruv parvozini amalga oshirayotgan bo‘lganlar. Vertolyot tanklarga qarshi TOW majmuasi raketasi bilan urib tushirilgan. Biroq ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, urib tushirilgan vertolyot Rossiya harbiy-koinot kuchlarining Mi-35M vertolyoti bo‘lgan. Ba'zi harbiy mutaxassislar ham shu taxminni aytishgan hamda vertolyotga qarshi TOW majmuasi qo‘llanganiga shubha bildirishgan.