Asli tojikistonlik bo‘lgan 6 nafar fuqaro Moskvaning yirik savdo markazlarida faoliyat yurituvchi XXR fuqarolariga bir qator hujumlar uyushtirganlikda ayblanib, sud oldida javobgarlikka tortiladi. TASS agentligining xabar berishicha, RFning Moskva viloyati bo‘yicha Tergov bosh boshqarmasida (TBB) daromad manbai bo‘lmagan va Moskva shahri hamda Moskva viloyatidagi xonadonlarda noqonuniy yashab yurgan Tojikiston fuqarolaridan biri o‘z yurtdoshlaridan iborat jinoiy guruhni tashkil qilgan. Guruhning maqsadi - "Moskva" va "Sadovod" savdo markazlari hududida faoliyat yuritadigan tadbirkorlarga qurolli hujum uyushtirishdan iborat bo‘lgan.
"Qurollangan guruh sakkiz marta Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolariga hujum qilib, ularning sog‘lig‘iga qasddan og‘ir jarohat yetkazgan, bunday hujumlardan biri hattoki o‘lim holati bilan tugagan", - deya xabar berishdi TBBda.
Lyubertsi shahri tergov bo‘limi jinoyatchilarning har biriga qilmishiga yarasha ayblov qo‘ydi. Jinoiy ish Lyubertsi shahar sudiga topshirildi.