Boeing: yangi samolyotlar savdosi 6 trln dollarga yetishi mumkin

Jahon 17:37 / 11.07.2016 6527

Amerikaning Boeing aviasozlik korporatsiyasi, yangi samolyotlar bozori hajmiga oid o‘z qarashlarini e'lon qildi. Unga ko‘ra, yaqin 20 yilda yangi havo laynerlariga bo‘lgan talab dunyo bo‘ylab 4,1foizga oshadi. Boeingning taxmin qilishicha, kelasi 20 yilda 39 620 dona turli rusumdagi samolyotlar ishlab chiqariladi. Ularning bozordagi umumiy qiymati 5,9 trln dollarni tashkil etadi. Aviakorporatsiya o‘z bashoratlarini Farnboro aviako‘rgazmasining birinchi kunida e'lon qildi. 

Boeing Commercial Airplanes marketing bo‘limi vitse-prezidenti Rendi Tinsetning so‘zlariga ko‘ra, hisobot davrida torsalonli samolyotlarga bo‘lgan talab ortib, jami 28 140ta yangi havo laynerlari ishlab chiqariladi. 

"Shubhasiz, Amerika kompaniyasining Boeing MAX 8 va MAX 200 havo laynerlari torfyuzelyajli samolyotlar bozorining negizini tashkil etadi. Hozirdanoq, ushbu turdagi havo kemalari bozorning 76 foizini qamrab olgani, shunday deyishga asos bo‘ladi", - degan Rendi Tinset.  

Kompaniyaning taxminicha, kengsalonli samolyotlar borasida talab 9 100tani tashkil etadi. Bu rusumli havo kemalariga eng yuqori talab 2021-2028 yillarda kuzatiladi. Ayni shu davrda mavjud samolyotlar almashtirila boshlanadi. Boeingga ko‘ra, vaqti kelib juda yirik samolyotlar o‘z o‘rnini 787, 777 va 777X kabi o‘rta va tor salonli samolyotlarga bo‘shatib beradi. 

Aviatsiyada yuk tashish hajmi esa yiliga 4,2 foizga ko‘tariladi. Buning uchun 930 ta yangi va 1 440 dona o‘zgartiriladigan yuk samolyotlari ishlab chiqarish lozim bo‘ladi. 

Mintaqalar bo‘yicha Osiyo yetakchilik qilib, 15130 ta samolyotga buyurtma beradi, Shimoliy Amerika 8330ta havo kemasi sotib olsa, 7570 dona laynerni Yevropa xarid qiladi. MDH mamlakatlariga 1170ta samolyot yetkazib berilishi taxmin qilinmoqda. Mintaqalar orasida eng kam xarid Afrika qit'asi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu qit'a mamlakatlariga jami 1150 dona yangi havo layneri yetkazb beriladi. 


 

Ko‘proq yangiliklar: