Ipoteka yoki iPhone? Mana shu savol oxirgi kunlarda Rossiyadagi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinmoqda. Rossiya Dumasi yoshlar ishtirokida «Erkin fikrlar maydoni» nomli o‘ziga xos forum tashkillashtirdi. Unda yoshlar, jamoat tashkilotlari va deputatlar qatnashdi.
Forum qatnashchilaridan biri bo‘lgan Yana Mamayeva unda qatnashayotgan «Yedinaya Rossiya» partiyasi kotibi Sergey Neverovga ipoteka to‘g‘risida savol berdi: «Menda aynan siz olib borayotgan ish to‘g‘risida savol bor. Ikkita oliy o‘quv yurtini bitirganman, ikkita imtiyozli diplomim bor. Sakkiz yildan buyon bolalar uyida ishlayman. Ipoteka olmoqchi bo‘lsam, uning foizi men oladigan maoshdan ko‘p. Tushuntirib bering, men nima qilishim kerak? Bunday yashab bo‘ladimi?».
Bu savol Duma a'zosiga uncha maq'ul bo‘lmadi va u g‘o‘ldirab so‘radi: «Siz ikkinchi mutaxassislikni pul to‘lab olganmisiz?». Qiz ha, deb javob berdi. Janob Neverov so‘zini davom ettirmoqchi bo‘lganida uning norozi kayfiyatda ekanidan xavotirga tushgan Rossiya Dumasining Rostov viloyati kengashi deputati Yekaterina Stenyakina savol bergan qizni «talab ketdi».
«Keling, bir-birimizga nisbatan odil bo‘laylik. Boshqalarning pulini hisoblash yaxshi ish emas, lekin siz ipoteka haqida savol beryapsiz‑u qo‘lingizda iPhone 6 telefoni turibdi. U 50 ming rubl turadi... Qani boshqa ishtirokchilarda savol bormi?..».
Yana Mamayeva telefonni unga do‘stlari sovg‘a qilishganini tushuntirmoqchi bo‘lganida, butun zal yoshlar faoli bo‘lgan deputatning imosiga mahtal bo‘lib turganday qarsak chalib yubordi. Bu holat ko‘pchilikda norozilik kayfiyatini uyg‘otdi. Ayniqsa, deputatning fuqaroga nisbatan bunday munosabatda bo‘lishi odamlarning g‘azabini keltirgan.
Ko‘pchlik rossiyaliklar bunday davlat ishchilari odamlarni o‘ylamasligi va bunaqalar ishdan olinishi kerak ekanini ta'kidlashmoqda.