AQShning Dallas shahri politsiya departamentiga huquq-tartibot muassasalariga navbatdagi hujumlar uyushtirilishi mumkinligi haqida xabarlar kelib tushdi, deb xabar bermoqda shahar politsiyasi.
Ta'kidlanishicha, xabarlar anonim bo‘lgan, ularda hujumlar go‘yoki "butun shahar bo‘ylab" uyushtirilishi mumkinligi aytilgan. Politsiya boshqarmasi shtabi ayni vaqtda yopib qo‘yilgan, voqea joyiga maxsus kuchlar yetib kelgan, ular bino atrofidagi hududni o‘rab olishgan. Bu haqda CBS telekanali saytida ma'lum qilindi.
Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar politsiyachilarga hujum uyushtirish maqsadida Dallasga Xyustondan kelishlari mumkin.
Politsiyachilarga qarshi norozilik aksiyalari 7 iyulda AQShning ko‘plab shaharlarida Luiziana va Minnesota shtatlarida politsiyachilar tomonidan ikki afroamerikalik o‘ldirilganidan keyin boshlangan. Dallasdagi tartibsizliklar vaqtida Afg‘onistonda xizmat o‘tagan urush faxriysi, 25 yoshli qora tanli Mik Jonson politsiyachilarga o‘q uzgan. Buning oqibatida 5 politsiyachi halok bo‘lgan.