Kuni kecha Toshkent davlat sharqshunoslik institutida bakalavr hamda magistr bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. 2016 yilda bakalavr yo‘nalishini 461 nafar talaba (shu jumladan, 14 nafari imtiyozli diplom bilan) va magistratura yo‘nalishini 106 nafar magistr tamomladi. Tadbirda institutning professor-o‘qituvchilari, ota-onalar hamda bitiruvchi talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda institut rektori A.M.Mannonov bitiruvchi talabalarga o‘zining samimiy tilaklarini bildirar ekan, eng avvalo, ularga sihat-salomatlik, yillar davomida egallagan bilimlarini el-yurt ravnaqi yo‘lida sarf qilib, mamlaktimiz rivojida hissa qo‘shishda hech tolmaslikni, kelgusidagi ishlarida omad yor bo‘lishini tilab qoldi. Bitiruvchi talabalar o‘qishga kirgan yillaridan bugungi kunga qadar yaxshi bir mutaxasssis bo‘lib yetishishlarida o‘z bilimini ayamay fidokorona mehnat qilgan, o‘z kasbiga sidqi dildan yondoshgan barcha ustozlariga minnatdorchilik bildirgan holda ularning bergan saboqlari hayot yo‘llarida katta ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidlab o‘tdilar.
Endilikda ular turli hil sharq va g‘arb tillarini biladigan siyosatshunos, iqtisodchi, tarixchi, sharq madaniyati falsafashunoslari va filologlardir.
Nafosat Zafarova, TDShI talabasi