Saudiya Arabistonida teraktlarga aloqadorlikda gumon qilinib 19 kishi hibsga olindi

Jahon 07:34 / 08.07.2016 7350

Saudiya Arabistoni ichki ishlar vazirligi oxirgi kunlarda mamlakatda sodir etilgan bir qator teraktlarni sodir etishga aloqadorlikda gumon qilingan 19 nafar kishini hibsga oldi. Ular orasida 12 nafar pokistonlik va 7 nafar saudiyalik bor, deb xabar bermoqda Al Arabiya telekanali.

Shuningdek, hukumat butun dunyo musulmonlari tomonidan muqaddas qadamjo hisoblanadigan Madinadagi Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar masjidlari – Masjidi Nabaviya yonida o‘zini portlatgan terrorchi nomini ma'lum qildi. Bu kimsa 26 yoshli Nair Muslim Hammod Al-Nijodiy bo‘lib chiqdi. IIVda xudkush avval giyohvand moddalar iste'mol qilgani aytildi.

4 iyulda terrorchi-xudkush Masjidi Nabaviya yonida o‘zini portlatdi. Xavfsizlik xizmati xodimlari unga masjid ichiga kirishga yo‘l berishmagan va shuning evaziga qurbonlar soni kam bo‘lishiga muvaffaq bo‘lingan: hujum oqibatida huquq-tartibot muassasalarining 4 xodimi halok bo‘lgan.

Bundan bir kun avval mamlakat sharqidagi Al-Qatif shahridagi masjidlardan birining yonida ikkita portlash sodir etilgan.

Bundan tashqari, 4 iyulga o‘tar kechasi AQShning Jiddadagi bosh konsulligi yonida teraktning oldi olingan. Terrorchi konsullikka iloji boricha yaqinroq kelmoqchi bo‘lganda avtoturargoh yonida joylashgan qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatib qolingan. Qo‘riqchilar xudkushni o‘rab olishganda, u o‘zini portlatishga ulgurgan.

Ko‘proq yangiliklar: