Liviyaning sobiq rahbari Muammar Qazzofiyning o‘g‘li Sayf al-Islom Qazzofiy mamlakatdagi amnistiya aktiga binoan o‘lim jazosidan qutulib qolgani haqida g‘arb OAVlari Qazzofiyning advokatlariga asoslanib xabar bergan edi. Ma'lum bo‘lishicha, kichik Qazzofiy hamon qamoqda o‘tiribdi.
U ayni vaqtda Liviya shimoliy-g‘arbida joylashgan Zintan shahridagi qamoqxonada saqlanmoqda. «Biz Sayf al-Islom Qazzofiyning qamoqdan chiqarilganini inkor etamiz»,- deydi Zintandagi shaxsi oshkor qilinmagan harbiy «Reyter» axborot agentligiga.
O‘tgan yilning iyul oyida kichik Qazzofiy mamlakatda tinch aholidan tarkib topgan namoyishchilarni ommaviy o‘ldirganlikda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingan edi.