Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yoaxim Lyov Yevropa chempionatining chorak finalida turnir mezbonlari Fransiya terma jamoasidan qabul qilingan 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyingi fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Bugun Fransiyadan kuchli edik. Bizga omad yetishmadi. O‘ta keraksiz vaqtda gol o‘tkazdik.
Biz o‘zimizning vaziyatlarimizdan foydalana olmadik.
Agar 2010 va 2012-yillardagi mag‘lubiyatlarda biz o‘zimizdan kuchli jamoaga qarshi o‘ynagandik. Lekin bugun unday emasdi, biz bugun kuchliroq edik. Lekin birinchi bo‘lim oxirida gol o‘tkazganimizdan keyin barchasi chappasiga ketdi.
Jarohatlangan Gomes va Xediraning o‘rnini to‘ldirish qiyin bo‘ldi, shuningdek Hummels diskvalifikatsiya tufayli safdan chiqdi. O‘yin vaqtida Boateng jarohatlandi.
Yigitlar men ularga nima ko‘rsatma bergan bo‘lsam, barchasini to‘g‘ri bajarishdi. Ularni mag‘lubiyatda ayblamayman.
Frantsuzlar bizni pressing qilishmadi, maydonda ustunlik qildik. Juda ko‘p golli vaziyatlar yaratdik, lekin gol ura olmadik.
O‘ylaymanki, fransuzlar finalda Portugaliyani yengadi. Portugallar Yevro-2016 davomida ishonchli o‘yin ko‘rsatmayapti. Fransiyada esa yaxshi jamoa shakllangan, lekin takrorlayman, bugun biz ulardan kuchli edik.
Men uchun kelajak haqida gapirish og‘ir. Hozir muvaffaqiyatsizlikdan xafa bo‘lib o‘tiribman. Hozircha terma jamoadagi kelajagim haqida o‘ylash vaqti emas.
Men mag‘lub bo‘lishimizni o‘ylamagandim va bunday ehtimolda qanday harakat qilishimni belgilab olmagandim.
Bir necha kun dam olamiz, keyin yana nimadir aytishim mumkin. Balki undan tezroqdir», — deydi Lyov.
Manba: Tribuna.uz