Bag‘dod yaqinidagi shialar maqbarasiga jangarilarning hujumi oqibatida kamida 35 kishi halok bo‘ldi va yana 60 kishi jarohat oldi. Bu haqda Iroq xavfsizlik xizmatiga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.
Terrorchilar 7 iyulda Said Muhammad ibn Ali al-Hodiy maqbarasi darvozasi yonida Iyd al-Fitr bayrami munosabati bilan o‘tayotgan tadbir paytida minalashtirilgan avtomobilni portlatgan. So‘ngra o‘nga yaqin qurollangan jangarilar maqbaraga bostirib kirib, ziyoratchilarni avtomatlardan o‘qqa tuta boshlagan. Jangarilar shuningdek granatomyotlardan ham o‘q uzgan.
Politsiyaning ma'lum qilishicha, terrorchi-xudkushlardan biri o‘zini portlatishga ulgura olmagan va xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘ldirilgan.
Bu terakt Bag‘doddagi yirik teraktdan 4 kun o‘tib sodir etildi. 3 iyulga o‘tar kechasi Bag‘dodda ikkita portlash sodir etildi: birinchi teraktda Al-Qarrada tumanida minalashtirilgan avtomobil portlatildi, ikkinchi terakt ash-Sha'b bozori yonida sodir etildi. Teraktlar uchun javobgarlikni IShID terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga oldi.