Fransiya terma jamoasi hujumchisi, Yevropa chempionati yarim finalida Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun asosiy ishni bajargan Antuan Grizmann o‘yindan keyingi taassurotlarini bildirib o‘tdi.
«Bu g‘alaba uchun barcha birdek xizmat qildi. Bolalarning barchasiga bugun finalga chiqqanimiz uchun rahmat aytish kerak.
Men YeChL finalida penaltidan gol ura olmagandim, shu tufayli bugun zarbani ijro etishni juda istadim. Bir chempionat davomida urilgan gollar soni bo‘yicha Platinini ta'qib etayapmanmi? Lekin men Mishel Platinidan ancha orqadaman.
Hozir o‘z o‘yinimdan qoniqish hosil qilmoqdaman. Biz bugungi o‘yin qiyin kechishini, yaxshi himoyalanishimiz kerakligini bilardik. Darvozabonimiz har safargidek ishonchli o‘ynadi. Hozir yaxshilab dam olishimiz va keyin final haqida o‘ylashimiz kerak. Ertadan mashg‘ulotlarni boshlaymiz. Finalda Portugaliyaga qarshi imkoniyatlarimiz «50 ga 50». Bir o‘yinda barchasi ro‘y berishi mumkin», — deya Grizmannning so‘zlarini keltiradi BBC Sport.
Germaniya terma jamoasi Yevro-2016 turnirini tark etdi, Grizmanning 2 goli evaziga g‘alaba qozonib, finalga chiqqan Fransiya 10 iyul kuni «Stad de Frans» o‘yingohida Portugaliyaga qarshi maydonga chiqadi.
Manba: Tribuna.uz