Yangi zelandiyalik milliarder Grem Xart o‘zining Ulysses ("Uliss") yaxtasini sotuvga qo‘ydi. Bu haqda Yacht Harbour xabar bermoqda.
30 yo‘lovchiga mo‘ljallangan yaxta 107 metr uzunlikka ega bo‘lib, Norvegiyaning Kleven verfida qurilgan va 2016 yilda egasiga topshirilgan. Kema korpusi po‘latdan, ustqurmalar esa alyuminiydan yasalgan. Yaxta jamoasi 40 kishini tashkil qiladi. Yaxtaning maksimal tezligi soatiga 31 km ni tashkil qiladi. Olti palubali yaxtada sauna, 11 x 5 metrlik basseyn, vertolyot uchun maydoncha bor.
Yaxtaning konstruktiv xususiyati uning bortida 21 metrlik tenderning (yelkanli kema) borligi hisoblanadi, u suvga maxsus kran yordamida tushiriladi. Yaxta Norvegiyaning Marin Teknikk byurosi tomonidan loyihalangan, intereri esa Londondagi H2 studiyasi tomonidan yaratilgan. Kleven verfi uchun bu yaxta superyaxtalar qurishdagi birinchi tajriba bo‘ldi, verf asosan yuk tashuvchi, shatakka oluvchi, neft qazib oluvchi platformalar uchun ta'minlovchi kemalarni yaratish bilan shug‘ullanadi. Hozirda verf milliarderning buyurtmasi bilan uzunligi 116 metrlik yana bir yaxta qurmoqda.
Sotilayotgan yaxtaning narxi oshkor qilinmagan, uning savdosi bilan Burgess va Fraser Yachts brokerlik firmalari shug‘ullanmoqda.
Grem Xart – Yangi zelandiyalik tadbirkor va moliyachi hisoblanadi. U 7,2 mlrd dollarlik davlati bilan Forbes jurnali bo‘yicha dunyoning eng badavlat odamlari orasida 183-o‘rinda turadi va Yangi Zelandiyaning eng boy odami hisoblanadi.