Nukusda “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishning dolzarb masalalari” II yosh tadbirkorlar biznes forumining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi o‘tkazildi.bu haqda “O‘zA” xabar beradi.
Yosh tadbirkorlar o‘rtasida amaliy-ijodiy hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, ularni ishlab chiqarish va aholiga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari bo‘yicha birlashtirish maqsadida tashkil etilgan forum doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 60 ga yaqin yosh tadbirkor ishtirok etdi.
Biznes g‘oyalari saralab olingan 10 nafar ishtirokchi forumning mamlakat bosqichida ishtirok etadi. Ular orasida nukuslik yosh tadbirkor Rayhon Boymurodova ham bor.
– Men o‘tgan yili Nukus kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kollejining telekommunikatsiya bo‘limini tugatib, o‘z tadbirkorlik faoliyatimni boshlagan edim, – deydi Rayhon. – Bunda menga tijorat bankidan ajratilgan 6 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i juda qo‘l keldi. Hozirda go‘zallik salonimizda ikki tengdoshim doimiy ish bilan ta'minlangan. Kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirib, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish korxonasi tashkil etish va yoshlar bandligini ta'minlashga hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz.