Yordon qishlog‘ida yashovchi Ziyodaxon opa (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) har kuni oltmish sakkizga kirgan qo‘shnisi Halima xolaning uyiga kirib, hol-ahvol so‘rab, gaplashib o‘tirishni kanda qilmasdi. Katta qizi va nabirasi xorijga ishlagani ketishgan edi. Uch oy avval nabirasi Akmaljon qaytib kelgach, bag‘ri to‘lib ko‘ngli yayrab qoldi. Ziyodaxon opa kechki payt bog‘chadan qaytayotib, Halima xolaning hovlisiga kirdi. Darvoza yopiq, lekin qulflanmagan edi. Kecha yo‘qlab kelgan kenja qizi bilan Shohimardonga tushib ketgan, nabirasi Akmaljon uxlab yotgan bo‘lsa, bezovta qilmay degan o‘yda uyga kirmasdan ortga qaytdi.
Soat o‘n birlargacha ro‘zg‘or yumushlari bilan ovundi. Chelakda suv olgani ko‘chaga chiqib, “Yana bir xabar olaychi” deya Halima xolaning hovlisiga kirdi. Qor enlagan hovlida ertalabki, o‘zinikidan boshqa qadam yo‘qligiga hayron bo‘lib, ayvonga ko‘tarildi. “Xola qizining uyiga ketgan bo‘lsa, nega nabirasi haligacha turmadiykin”, deya ikki tabaqali ayvon eshigini tortdi. Eshik bir oz ochilib, ichkariga ilingan ilgagi ko‘zga tashlandi. Tirqishdan barmog‘ida ilgakni ochib, ichkariga kirdi. Xola yotib turadigan xonaning eshigini chertib, chaqirdi. Hech kim ovoz bermadi. Eshikni ochib qarasa, polda boshini ko‘rpaga o‘rab yotibdi. Ro‘moli pechka mo‘risiga ilingan, karavotidagi tugunlar yechilgan, tintilgan edi. Tag‘in “Halima xola, Halima xola”, deya uyg‘otmoqchi bo‘ldi. Xola qimir etmadi. Biror kor-hol bo‘ldimikin, degan o‘yda ko‘chaga chiqdi.
Ro‘para kelgan maktab qorovuliga “Halima xola behush yotganga o‘xshaydi”, dedi. Birga nabirasini maktabdan olib chiqishdi. Qizcha “Men qo‘rqyapman”, deya ichkariga kirmadi. Maktab hamshirasini boshlab chiqib, ichkariga kirishdi. “Nafas olmayapti, jon berganga o‘xshaydi, vrach kerak”, dedi u.
O‘n daqiqa o‘tib shifokor ayol yetib keldi. Halima xolaning boshini ko‘tardi. Og‘zi va ko‘zi ochiq, tomog‘i ko‘kargan edi. “Xonadan chiqinglar, qotillik bo‘libdi”. Ziyodaxon, qorovul va hamshira ko‘chaga chiqishdi. Xolaning qizi, nabirasi, tez tibbiy yordam, IIB xodimlari yetib kelishdi. Akmaljonning kurtkasi cho‘ntagidagi 50 ming so‘m puli yo‘q, aftidan qotil ocholmagan sandiqdagi pullar esa joyida edi.
Qish oylari tog‘li qishloqqa begona odam kamdan-kam qadam ranjida qiladi. Tergov guruhi jinoyatni shu qishloqda yashaydiganlardan biri sodir etgan bo‘lishi mumkin, degan taxminda tekshira boshladi. Marhumning hamqishloqlari bilan suhbat asnosida barmoq izlari olindi. Ayni chog‘da mahalla posboniga tuman markazi yoki shaharga chiqib ketgan yordonliklarni chaqirtirish vazifasi topshirildi. Shu mahallada yashaydigan, o‘sha kuni shaharga ketib qaytib kelmagan, janozada ham qatnashmagan Matlab So‘fiyev qo‘l telefonida gaplashgan posbonga “ertaga borib uchrayman”, dedi. 1 fevral kuni tergovchilarga ro‘baro‘ bo‘ldi. Barmoq izi olinib, kimlardan qancha qarzi borligini so‘rashganida “faqat do‘kondan 15 ming so‘m qarzman”, deya yolg‘on gapirdi. Jinoyatga daxli bo‘lsa, rost so‘zlasa, yengillik bo‘lishi tushuntirilgach, M.So‘fiyev rostiga ko‘chdi.
Qarzining qolganini ham qaytarishini so‘rab kelgan oshnasiga ishlamayotganini ro‘kach qildi, yana bir oz kutishni so‘radi. Og‘zidan aroq isi ufurdi. “Bekorchidan Xudo bezor, ishlayman degan, ish topayapti, bunaqa ichib yotaversang kosang oqararmidi”, oshnasi dashnom berdi. “Bittasini ishini qilib berganman, ana mana deya ortga tashlayapti”.
Kuz boshida olgan yetti yuz AQSh dollarining besh yuzini bo‘lib-bo‘lib qaytardi. Yana yuz dollar berishi kerak. O‘rtog‘i aytaniday, ichkilikni bas qilganida Vodildami, shahardami bironta ishning etagidan mahkam tutganida, hech bo‘lmasa mol-qo‘y ko‘paytirganida qarzga kirmasdi.
Yigirma yettinchidan yigirma sakkizinchiga o‘tar kechasi tag‘in tomog‘i taqillab shishaga yopishdi. “Yarimta”ni bo‘shatdi. Xayol olib qochdi. Qo‘shni keksa ayolning qizlari xorijda ishlab, pul jo‘natishadi. O‘zicha pishiq-puxta reja tuzdi. Nabirasi allaqayoqqa ketgan. O‘zi yolg‘iz. Uxlab yotganida, pulini o‘g‘irlab chiqib ketsam-chi. Hech kim bilmasa kerak. Tun yarmidan oqqan. Soat bir yarimda qo‘lqop kiyib ko‘chaga chiqdi. Qo‘shni darvozasining eshigini tortdi, qulflanmabdi. Hovlining o‘ng tomonidagi uy ayvoniga kirib bordi. Ichkari xona derazasiga qoplangan sellofanga quloq tutdi. Faqat bir kishining xurragini eshitdi. Qo‘l fonarchasini yoqdi. Bir kishining poyafzali bor, xolos. Keksa ayol yolg‘izligiga ishonch hosil qildi.
“Uyg‘onib, tanib qolmasin”, deya elektr avtomatni o‘chirdi. Xurrak eshitilgan o‘ng tarafdagi xona eshigini ochganida uyg‘onib o‘rnidan turgan ayolga ro‘baro‘ keldi. “Dod solmasin”, deya ko‘ylagining yoqasidan ushlab xona ichiga sudradi. Polga yuztuban yiqitib, bo‘g‘a boshladi. Tipirchilamay qolgach, turib qo‘l fonarini yoqdi. Karavotdagi kiyimlar, tugunlarni titdi. Chap devorga tiralgan sandiq qulflangan edi. Urinishi zoye ketdi, ololmadi. O‘ng tarafga turgan jomadon, charm sumkada ham pul yo‘q ekan. Karavot ustidagi sport sumkasining cho‘ntagini titkilab, undagi pullarni olib cho‘ntagiga tiqdi.
Ortiga o‘girilib qarasa xola jonsiz yotibdi. Marhumaning ustiga ko‘rpa tashlab qo‘ydi. Ayvonga chiqib ichkaridan eshikni ilgagini soldi. Ayvonning adyol bilan to‘silgan derazasidan hovliga tushib, ko‘chaga chiqib ketdi. Ertalab charm kurtkadan olgan pullarni sanadi. Ellik ming so‘m ekan.
Ko‘chaga chiqdi. Qo‘shni uy taraf jim-jit edi. Peshindan keyin soat ikkilarda qo‘shnining uyiga IIB xodimlari kelganini ko‘rib, Farg‘ona shahridagi kollejda o‘qiyotgan qizidan xabar olgani ketdi.
Sud qo‘shnisining hayotiga zomin bo‘lgan M.So‘fiyevni o‘n yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.