Milliy matbuot markazida “O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida 14 filial va 145 hududiy sug‘urta bo‘limlari orqali 34,4 milliard so‘m sug‘urta mukofotlari yig‘ilib, qariyb 10 milliard so‘mlik sug‘urta qoplamalari to‘lab berilgani qayd etildi.
– Tadbirkorlar uchun «Tadbirkorlar qaltisliklarini kompleks sug‘urtalash», «Hunarmandlar mol-mulki sug‘urtasi», «Garovga qo‘yilayotgan mol-mulk sug‘urtasi», «Baholovchilarning kasb javobgarligi sug‘urtasi», «Mehmonxona biznesini kompleks sug‘urtalash», «Yuk sug‘urtasi» kabi 50 dan ortiq sug‘urta turlarini taklif etmoqdamiz, – deydi kompaniya departamenti bosh inspektori Sayfullo Mirzoyev. – Yilning o‘tgan davrida to‘rt mingga yaqin sug‘urta shartnomasi tuzishga erishildi.
Sug‘urta xizmatlari ko‘rsatishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Sug‘urta xizmati to‘lovini elektron tarzda to‘lash, “SMS xabardor etish” kabi xizmatlar mijozlarga qulaylik yaratmoqda.