Yagona umumrespublika protsessing markazi Woy-Wo‘ internet-to‘lovlar yagona portalini ishga tushirdi, deb ma'lum qilindi markaz matbuot xizmatida.
Portalda ba'zi internet-do‘konlardagi mahsulotlar, shuningdek, uyali aloqa, internet-provayderlar, sug‘urta kompaniyalari xizmatlari, kommunal xizmatlar va shu kabilarga haq to‘lash mumkin. Yetkazib beruvchilarning ro‘yxati hozircha katta emas, u hali shakllantirilmoqda.
Portal yaratuvchilarining ta'kidlashicha, portal elektron tijoratning ishtirokchilari – xaridorlar va savdogarlarni bevosita bog‘laydi, bu esa to‘lovlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar va mahsulot yoki xizmatlarni sotishga ketadigan vaqtning kamayishiga olib kelishi kerak.
Portalda yoki Uzcard’da qayd qilingan foydalanuvchilar o‘z login va parollaridan Woy-Wo'da ham foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Portalning mobil versiyasi va mobil dasturlar yaqin orada ishga tushirilishi kerak.