O‘zbekiston sanitar-veterinariya xizmatlari Qozog‘istonda kuydirgi kasalligi avj olganligi tufayli chegaradagi nazoratni kuchaytirgan. Bu haqda RIA Novosti agentligi O‘zbekiston respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi sanitariya inspeksiyasi vakiliga asoslanib xabar qilgan.
Iyun oyi oxirida Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatida 9 kishi kuydirgi kasalligiga chalinganligi gumon qilinib, yuqumli kasalliklar kasalxonasiga yotqizilgandi. Keyinchalik bemorlarning 2 nafari hayotdan ko‘z yumgan.
Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vazirligi matbuot-xizmati bergan ma'lumotlarga ko‘ra, Yerqindik tumani aholisi orasida 8 kishi shu kasalga chalingan. Kasallik avj olgan qishloq handaq bilan to‘sib qo‘yildi.
Biroz vaqtdan keyin O‘zbekiston bilan chegaradosh hududda — Janubiy-Qozog‘iston viloyatida kuydirgi kasalligi avj olgani haqida ma'lumotlar tarqalgan.
"Bugungi kunda kuydirgi kasalligini yuqtirish holatlari O‘zbekistonda qayd etilmagan. Ammo, shunday bo‘lsa-da, bu holat qattiq nazoratga olingan. Qozog‘iston bilan chegarada, chegara punktlarida har kuni sanitariya-epidemiologiya xodimlari navbatchilik qilishmoqda", — degan agentlik manbasi.
Manbaning ta'kidlashicha, nazorat-o‘tkazuv punktlarida chegaradan olib o‘tilayotgan mahsulotlar qattiq nazoratdan o‘tkazilib, jonivorlar emlanmoqda, aholi orasida vaksinatsiya o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi veterinariya Bosh boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, yozgi mavsumda jazirama tufayli yuqumli kasalliklar tarqalishi holati avj oladi. Shu tufayli hududlarda profilaktika ishlari kuchaytiriladi.
Qozog‘istonda kuydirgi kasalligining avj olishi munosabati bilan Qirg‘iziston o‘z chegarasidagi nazoratni kuchaytirgan.
RIA Novosti xabarida eslatilishicha, 2014 yilning iyulida O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatida 30dan ortiq kishi "Sibir yarasi" tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgandi.