O‘zbek olimlari tomonidan avgustda ekilib, bahorda hosil beradigan piyoz turi kashf qilindi

Jamiyat 01:50 / 05.07.2016 19805

O‘zbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida “O‘zbekistonda sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik sohalarida ilm-fanning o‘rni va istiqbollari” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Keyingi yillarda institut jamoasi tomonidan yuzga yaqin yangi nav, jumladan, pomidorning “Sitora”, bodringning “Zilol”, lavlagining “Diyor”, piyozning “Sunbula”, qalampirning “Jayhun”, tarvuzning “Sharq ne'mati”, “Chillaki”, qovunning “Gulobi”, “Lazzatli”, kartoshkaning “To‘yimli”, “Aqrab”, baqlajonning “Feruz”, “Surxon go‘zali” kabi navlari yaratildi. Ayni paytda ko‘plab navlar mahalliylashtirildi. 

Bahor oylarida piyoz taqchil bo‘lishining oldi olindi. Institut olimlari yaratgan piyozning “Sunbula” navi avgustda ekilib, ayni bahorda, ushbu mahsulotning qishki zaxirasi tugagan paytda pishib yetiladi. Gektaridan 70-80 tonna hosil beradi. 

Kartoshkaning «To‘yimli», «Umid», «Aqrab», «Diyora», “Pskom”, “Serhosil”, “Sarnav”, “Ko‘ksaroy” navlari dehqonlarimizga ma'qul kelmoqda. Hozir Toshkent, Samarqand, Farg‘ona viloyatlarining tog‘oldi hududlarida kartoshkadan mo‘l hosil yetishtirilmoqda. Jumladan, Namangan viloyatidagi ellikka yaqin fermer xo‘jaligida kechki navlar ekilib, gektaridan 250 sentnergacha hosil olinayotgan bo‘lsa, Chortoq tumanidagi kartoshkachilik xo‘jaliklari 270 sentnergacha hosildorlikka erishmoqda.

2013 yilda Janubiy Koreyaning xalqaro hamkorlik agentligi bilan birgalikda bir yo‘la 260 ming dona ko‘chat yetishtirishga ixtisoslashgan kompyuterlashtirilgan issiqxona tashkil etildi. Maydondagi issiqlik, namlik va suvga bo‘lgan talab avtomatik boshqariladi. Issiqxonada ekilgan urug‘lar to‘liq o‘sib chiqishi va kasalliklardan xoli bo‘lishi kafolatlangan. Pomidor ko‘chatlari 60 kunda tayyor bo‘ladi. Talab asosida bu yerda turli urug‘lardan  yil davomida ko‘chat yetishtirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: