Ma'lumki, har qanday, eng zamonaviy avtomobilda ham akkumulyator bo‘lishi va u qachondir quvvatini yo‘qotishi hech kimga sir emas. Benzin motorli mashinalarda bular bir necha o‘n ming kilometrga yetsa, elektromobillar borasida bunday deb bo‘lmaydi. Xususan, Tesla sohibi bo‘lsangiz ham bir necha yuz kmdan so‘ng, mashinangiz batareyasini quvvatlantirishga, bu bilan bir necha soatni boy berishga majbur bo‘lasiz. Elektromobil yo‘lda harakatlanar ekan, quvvatlanib ketishiga nima deysiz. Albatta, bu nur ustiga a'lo nur bo‘lar edi. Bu g‘oya, Shvetsiya hukumatini ham qiziqtirib qo‘ygan ko‘rinadi, shu bois u elektr tarmog‘i o‘tkazilgan yo‘l bo‘lagini barpo etish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish bo‘yicha maxsus dasturni ishga tushirdi.
Garchi, shvetsiyalik olimlar bir nechta ajoyib yechimlarni taklif etgan bo‘lsa-da, birmuncha soddarog‘i sinovdan o‘tkazilmoqda. Tadqiqotchilar yo‘lning uzunligi 2 kmga teng bo‘lagi bilan cheklanishga qaror qilishgan. Yo‘l uzra elektr simlari tortilib, yuk mashinalari uning vositasida elektr manbaidan quvvat oladi. Bu, bir qarashda ko‘plab shaharlardagi, yaqingacha Toshkent shahrida ham bo‘lgan tramvay va trolleybuslarni ham yodga soladi. Ammo, shvedlar ularning o‘rniga yirik yuk mashinalarini harakatga keltiradi. Elektr tarmog‘i quvvati 750 voltdir.
Har holda, bu kabi elektr tarmog‘i faqat yuk mashinalari va ayrim hollarda avtobuslar uchun barpo etilishi mumkin. Oddiy yengil avtomobillar juda pastligi sabab, quvvat oluvchi "elektrshox"lar bilan jihozlash birmuncha mushkul vazifa bo‘lishi aniq.
Tadqiqotlarda gibridli yuk mashinalaridan foydalanilmoqda. Bundan tashqari, Shvetsiyada elektryo‘llarning boshqa bir turi ham siovdan o‘tkazilmoqda. Unda elektr quvvati maxsus relslar orqali uzatiladi. Transport vositalari esa, maxsus "yostiqcha"lar vositasida quvvatlanadi.
Xabarlarga ko‘ra, ushbu namuna, shvetsiyalik olimlarga ko‘proq ma'qul kelmoqda. Chunki, bunday turdagi "elektryo‘l"larda har qanday turdagi avtomobillar quvvatlana oladi.