Checheniston rahbari vazifasini bajaruvchi Ramzon Qodirov Turkiya prezidenti Toyyib Erdo‘g‘anga Chechenistondan qochib, Turkiya hududida yashirinib yurgan terrorchilarni topshirishni so‘rab murojaat qildi. Shuningdek u Istanbul aeroportidagi teraktga Ahmad Chatayev aloqador bo‘lgan taqdirda, uning harakatlari uchun javobgarlikni G‘arb, Gruziya va boshqa mamlakatlarning maxsus xizmatlari o‘z zimmasiga olishi kerak.
"Men Turkiya va Rossiya aloqalari qayta tiklanayotganidan xursandman. Fursatdan foydalanib, Turkiya prezidenti Toyyib Erdo‘g‘andan yana bir marta terrorchilarni topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilinishini so‘rayman", - deya yozib qoldirdi Qodirov o‘zining Instagram'dagi sahifasida.
Shuningdek u turk rahbariyatiga terrorchilarni nomma-nom atab, ularni topshirishni so‘rab bir necha marotaba murojaat qilganini ta'kidladi. "Agar turk hukumatiga terrorchilar haqida ma'lumot kerak bo‘lsa, yana bir bor ularning nomlarini takrorlayman: Tarxan Gaziyev, Ahmad Umarov, Ahmad Patayev, Shirvani Basayev, Mahran Saidov, Rizvon va Usama Yakubovlar, Aslanbek Vadalov, Movsar Chatayev, Xadi Alasxonov, Rustam Naurbayev va ularning mafkuraviy ustozi Movladi Udugov. Men Anqaraga borganimda o‘sha paytdagi IIV vaziri Beshir Atalayni ular tomonidan xavf-xatar kutilishi mumkinligi to‘g‘risida shaxsan ogohlantirganman. Menga terrorchilarni topshirish haqida qaror qabul qilinishini aytib ishontirishgan, biroq bu amalda tasdig‘ini topmadi", - deya ma'lum qildi Qodirov.
Checheniston rahbari Istanbuldagi terraktga Chatayevning aloqadorligiga izoh berar ekan, u Rossiyadan "oddiy bosqinchi" sifatida ketgani, keyinchalik Avstriya, Gruziya va Turkiyada uni terrorchi qilib tarbiyalashganini ta'kidladi. "G‘arb, gruzin va boshqa maxsus xizmatlar Rossiyaga achchiq qilib, Chatayevdan terrorchi tarbiyalashgan. Shu bois bu o‘rinda ular Checheniston tomon boqmay, javobgarlikni o‘z zimmalariga olishlari kerak bo‘ladi", - deydi Qodirov.