Saudiya Arabistonining Madina shahrida Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarning masjidlari – Nabaviy masjidi yaqinida terrorchi-xudkush xavfsizlik kuchlarining oldida portlovchi qurilmani harakatga keltirdi, deb xabar bermoqda "Al-Arabiya" telekanali.
"Al-Jazira" telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, portlash oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, yana bir necha kishi jiddiy jarohat olgan. Ta'kidlanishicha, xudkush xufton namozi vaqtida masjid hududiga kira olmagach, maxsus kuchlar xodimlarining avtomobillari turadigan avtoturargohda portlashni amalga oshirgan.
Avvalroq mamlakatning sharqidagi Al-Qatif shahridagi masjidlardan biri yonida portlash sodir etilgan. Bu portlashni ham xudkush amalga oshirgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, masjidga kelganlar orasida qurbonlar bo‘lmagan.
Bundan avval terrorchi-xudkush Saudiya Arabistoni g‘arbida joylashgan Jidda shahridagi AQSh konsulligi yonida o‘zini portlatmoqchi bo‘lgan edi. Portlash oqibatida ikki politsiyachi yengil jarohat olgan.