Qayerdadir bir kishi o‘lsa dunyo titramoqda, qayerdadir ming kishi o‘lsa u mudramoqda

Jamiyat 13:18 / 05.07.2016 23213

3 iyul kuniga o‘tar kechasi Iroq poytaxti Bag‘dod shahrida navbatdagi mudhish terakt amalga oshirildi. Ha, navbatdagi... So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, ana shu teraktda halok bo‘lganlar soni 200 nafarga yetdi. Jarohatlanganlar ham 200 kishidan oshgan. Bir tasavvur qiling-a, 400 nafardan ziyod kishining o‘limi va azoblanishiga sabab bo‘lishdi.

Iroqdagi bu kabi voqealarga biz kabi dunyo ahli ham o‘rganib qolgan shekilli, mamlakatda yuz berayotgan xunrezliklarda 100 nafar odam qurbon bo‘ladimi, 500 nafarmi farqi yo‘q, ha, u Iroqda bomba portlayveradi, ha u Bag‘dodda odamlar o‘lib ketaveradi, degan xayol keladi. Ammo o‘sha yerda ham inson yashashi, uning ham bu dunyodan yaxshilik olishga, ro‘shnolik ko‘rishga, bola o‘stirishga, kelin tushirishga, uy qurishga, umuman, hayotini insonga xos ko‘rinishda yashab o‘tishga amerikalik, yevropalik va boshqa ...liklar singari yuz foiz haqi bor.

U iroqlik bo‘lgani uchun mudhish o‘limga mahkum emas... U bag‘dodlik bo‘lgani uchun itdek o‘lib ketaverishga ham mahkum emas... Inson qayerda bo‘lmasin yashashga haqli!

Bir achchiq haqiqatni so‘zim boshidan beri aytaman deymanu, ammo yana nimalanidir o‘ylab, shuncha gap gapirib tashladim. Ammo aytmasam bo‘lmas...

2015 yilning 13 noyabrida Fransiya bo‘lgan teraktda ham ancha odam halok bo‘ldi, ular soni 150 dan oshdi.

Ammo shundan keyin butun internet olamida, ijtimoiy tarmoqlarda Fransiya motamiga bag‘ishlab turli aksiyalar, turli Pray for Paris singari tadbirlar tashkillashtirildi.

Shaxsan guvohi bo‘lganim, “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘ida istagan foydalanuvchi o‘z surati fonida Fransiya bayrog‘ini qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

2016 yilning 22 martida Belgiyada seriyali teraktlar bo‘ldi. Unda 31 kishi halok bo‘ldi, 340 kishi turli darajada tan jarohat oldi.

Shundan so‘ng, Belgiyaning o‘zida “Qo‘rquvga qarshi marsh” bo‘lib o‘tdi. Tashkillashtirilgan motam tadbirida deyarli butun Yevropa ahli qatnashdi.

Umuman olganda, Yevropadagi yoki AQShdagi teraktlar sadosi ham xuddi shunday ko‘rinishda bo‘ldi. Aytmoqchi bo‘lganim, dunyo ahli nega odam ajratmoqda. Teraktlarda bir kishi halok bo‘ladimi yoxud 100 kishimi, nega barcha xalq qayg‘usiga teng sheriklik qilinmayapti. Yevropalik yoki AQShlik oqsuyak bo‘lgani, uning teraktda o‘lishi mumkin emasligi, mabodo shunday ish bo‘lib qolsa, butun dunyo aks sado berishi kerakmi? Eng qizig‘i, obro‘si baland davlatlarda terakt bo‘lsa, dunyo OAV har bir daqiqa, har bir santimetrgacha yoritib boradi. Ammo Afg‘oniston, Pokiston, Suriya, Iroq singari davlatlardashi dahshatli teraktlar “faloncha odam o‘ldi, falon kishi yaralandi”, deya nihoyasiga yetkaziladi.

Nega Turkiyada har uch kun orasida o‘nlab odam halok bo‘lsa, dunyo jim turadi? Nega Iroq yoki Suriyada yuzlab odamlar burda-burda bo‘lib ketsa, dunyo ahli mudraydi? Afg‘oniston, Pokiston, Misr, Tunisdagi teraktlarda qurbon bo‘lgan yuzlab begunohlarni nega hech kim eslamaydi. 

Bir tin olib, yozganlarimni mushohada qilaman. Odam ajratmayapmanmi, din ajratmayapmanmi, degan savollarga javob topishga urinaman. Tabiatga boqqan kimdir undagi axlatni ko‘rsa, yana kimdir go‘zallikni ko‘radi, xuddi shu kabi, yozganlarim ham hammaga birdek yoqmasligi aniq.

Ammo kim nima desa desin, kim qanday fikr bildirsa, bildirsin, biroq bir qarorimni hech kim hech qachon o‘zgartira olmagay. Inson qayerda yashashidan qat'i nazar u insondek yashashga haqlidir!

Sarvar Anvar o‘g‘li

Ko‘proq yangiliklar: