“Google” avlodi

Jamiyat 19:12 / 05.07.2016 2937

Kundalik hayotingizda hisob-kitob bilan to‘qnashganingizda darrov kalkulyatorni qo‘lga olishga shoshilasiz. Vaholanki, buni ongingizda ham hisoblay olasiz. Nega unda qurilmaga murojaat etasiz? Yo texnika imkoniyatlaridan foydalanishga ko‘nikib, oddiy hisoblash amallarini ham bajara olmaydigan bo‘lib qoldikmi? 

“Bugun haftaning nechinchi kuni?” – suhbatdoshingizning savoliga javobni topish uchun telefon ekranidagi sanaga bir qarab olasiz. Aslida bugun qaysi kun ekanini unutgan bo‘lsangiz-da, biroz fikr yuritib yoddan aytib berishingiz ham mumkin-ku? Yo‘q, qo‘l ostingizdagi qurilmalarga avtomatik tarzda murojaat qilishga o‘rganib qolgansiz. Vaholanki, bundan 100-200 yil ilgari bunday “shpargalkalar” bo‘lmagan ham. Boshqa tomondan qaraganda, sana, hafta kunini atrofimizdagilardan so‘rashimizning o‘zi kulgili. Nahot xotiramizga shu qadar elementar axborotlarni ham sig‘dira olmasak? Demak, texnologiyalar insonning fikrlash qobiliyatini tortib olayotgan ekan-da?

Dunyoga mashhur Arrle brendining asoschisi Stiv Jobbs bugungi avlodga “Google” amakining farzandlari” deb ta'rif bergan edi. Avvallari tolibi ilmlarga bilmaganni so‘rab o‘rganish  uqtirilardi. Hozir, ham so‘raymiz. Faqat kimdan?  Muddaoyingizni buyruqlar qatoriga kiritasiz va tayyor javobni olasiz. “Gugllash”  - mana bugungi kunda ko‘plab savollaringizning yechimi.  Kitob titish, lug‘at, ensiklopediya varaqlash esa ko‘pchilikka eskilikday tuyuladi. Axir bir necha soniya sarflab tayyorgina javobni olish osonroq-da! Lekin, texnika taraqqiyoti bu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. “Google” topilmalarini o‘qishga ham erinadigan foydalanuvchilar uchun ma'lumotlarni istalgan til, ovoz, tempda o‘qib beruvchi maxsus “Talk” xizmati ham yo‘lga qo‘yildi. Falsafa qonunlarida aytilganidek, imkoniyat talab bo‘lgandagina yuzaga keladi. Qarangki, tayyor ma'lumotni o‘qib chiqishga ham erinadigan bo‘lib qolibmiz...

Qachonlardir odamlar yo‘lni yulduzlarga qarab topishgan, quyosh chiqishiga qarab qutblar aniqlangan. Hozirgi kunda esa odamlar ana shunday tadqiq, kuzatuv, tahlil, talqin yordamida xulosa chiqarish qobiliyatini boy bermoqda. E'tibor bersangiz, so‘nggi paytlarda avtomobilni navigatorlar orqali boshqarishga ehtiyoj ortmoqda. Vaholanki, aksariyat foydalanuvchilar o‘zi yashaydigan shahar hududini yaxshi bilishadi. 
Ob-havo o‘zgarishini qachonlardir odamlar turli jonivorlarning o‘zini tutishi, shamol yo‘nalishi va shunga o‘xshash boshqa belgilarga qarab oldindan aniqlay olishgan, dehqonchilikni shunga qarab chamalashgan. Siz-chi? Nima uchun atrofingizni kuzatish, salgina sinchkov bo‘lishdan shu qadar yiroqlashib ketdingiz? Ha, albatta, axir 1-2 oylik ob-havoni xatosiz ko‘rsatib beradigan internet dasturlari bo‘lganidan keyin, kuzatishga ne hojat?  

Texnologiyalar katta qulayliklar va imkoniyatlarni yuzaga keltirgani bor gap. Ammo odamlar texnikadan foydalanishga shu qadar o‘rganib qoldiki, oddiy haqiqatni tahlil qilish, fikr yuritish orqali aniqlashga erinadigan bo‘ldi. Texnologiyalar tufayli inson fikrlash ehtiyojini sezmay qoldi. Kompyuter, internet, navigator, planshet – bularning barchasini insonning fikrlash qobiliyatiga daxl qilayotir. Birgina “Word” matn muharririning o‘zi sizning qanchadan-qancha intellektual imkoniyatlaringizdan foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi. Chunki yozganlaringizni shu zahoti grammatika qoidalari asosida to‘g‘rilab ketadi. Dasturning bu imkoniyati tufayli ko‘pchilik savodxonlik haqida qayg‘urmay qo‘ydi ham. Axir qanday yozmang, robot hamma kamchiliklaringizni to‘g‘irlab, xatosiz qilib chiqarib beraveradi. Biroq, kompyuter shunchaki robot, mashina-ku, u so‘z latofatini his qila olarmidi?  

Texnologiya mislsiz taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilishga ko‘tarildiyu, ammo odamlarni aqlliroq, bilimliroq qildi deb bo‘lmaydi. E'tibor bersangiz, texnika qurilmalarining yangi rusumlari ixtiro qilinishi bilan ulardan foydalanish borgan sari osonlashib, oddiylashib ketmoqda. Qurilma amalni bajaraveradi, lekin foydalanuvchi  robot buni qanday amalga oshirganini bilmay qoladi. 

Har kuni kompyuterda ishlaysiz, lekin ushbu qurilmaning fundamental ishlash prinsiplarini aytib bera olasizmi? Mobil telefonning so‘nggi rusumlarini birinchi bo‘lib sotib olishga o‘rganib qolgan tanishlaringizdan aloqa vositalarining nima uchun “uyali” deb yuritilishi haqida so‘rab ko‘ring-a, jo‘yali javob ololmaysiz. 

Olimlarning fikriga qaraganda, mashina intellekt darajasi bo‘yicha inson bilan deyarli tenglashdi. Lekin insonning o‘zi-chi? Mashinadan ortda qolib ketmayaptimi?

Mohlaroyim QAYuMOVA

Ko‘proq yangiliklar: