Germaniya TIV rahbari Saudiya Arabistonidagi teraktlarga o‘z munosabatini bildirdi

Jahon 17:40 / 05.07.2016 8436

GFR TIV rahbari Frank-Valter Shtaynmayyer Saudiya Arabistonida sodir bo‘lgan bir qator teraktlarni insof doirasidan tashqariga chiqish deya atadi. Bu haqida RIA "Novosti" xabar qildi.

Saudiya Arabistoni g‘arbidagi Madina shahrida joylashgan payg‘ambar masjidi yaqinida xudkush tomonidan  sodir etilgan portlash natijasida 4 nafar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgan, yana 5 nafar politsiyachi jarohat olgan. Manbaga ko‘ra, xudkush-terrorchi kechki namoz paytida masjid hududiga o‘tmoqchi bo‘lgan. 

Shuningdek, 4 iyul kuni qirollikning sharqida joylashgan Al-Qatif shahrida ham xudkush-terrorchi tomonidan portlash sodir etilgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, terakt natijasida hech kim jabr ko‘rmagan. Dushanbaga o‘tar kechasi yana bir terrorchi AQShning Jiddadagi konsulligi yaqinida o‘zini portlatib yuborgan. 

"Ramazon oyida Al-Qatif, Jidda va Madinadagi Muhammad payg‘ambar qabri yaqinidagi masjid yonida sodir etilgan teraktlar misli ko‘rilmagan razolatdir. Bu portlashlar terrorchilar odamlar diliga qo‘rquv hissini solish uchun hech nimadan toyimasliklarini yana bir bor namoyish etdi", - dedi vazir. 

U "Ramazon oyi yakunini nishonlayotgan butun dunyo musulmonlariga bunday og‘ir damlarda hamdardlik bildirishini" qo‘shimcha qildi. 

"Hech bir din bunday qabih qilmishlarni oqlashi mumkin emas. Agar barchamiz bir bo‘lib harakat qilsak, terrorni ildizidan ajratib, yenga olamiz", - deya ta'kidladi Shtaynmayyer. 
 

Ko‘proq yangiliklar: