Yaponiyada issiq urishi natijasida bir hafta ichida 6 kishi halok bo‘ldi

Jahon 10:25 / 05.07.2016 6458

Yaponiyada so‘nggi hafta ichida issiq urishi natijasida 6 kishi halok bo‘ldi, kamida 2847 kishi shifoxonaga yotqizildi. Bu haqida mamlakatda FVV va tez yordam vazifasini ham bajaruvchi Yong‘in bosh boshqarmasi xabariga asoslanib, TASS ma'lum qildi. 

Boshqarma xabariga ko‘ra, issiqdan jabr ko‘rganlar soni iyun oyi o‘rtalariga nisbatan uch barobar oshdi. Aprel oyining oxiridan buyon Yaponiyada issiq urishi natijasida shifoxonaga yotqizilganlar soni taxminan 9 ming kishini tashkil etdi. 

O‘tgan dam olish kunlari Yaponiyaning barcha hududlarida juda issiq havo kuzatildi. Mamlakat markazida harorat Tselsiy bo‘yicha 38 gradusdan ortiqni tashkil etdi. Mahalliy tibbiyot xodimlari odamlarni quyosh ostida ko‘p yurmaslikka, bosh kiyimlarini kiyishga va imkon qadar ko‘p suyuqlik ichishga chaqirishmoqda.

Yaponiya meteorologiya boshqarmasi bu yil Tinch okeanidagi El-Nino va La-Ninya iqlim fenomenlari ta'siri tufayli yozda anomal issiq harorat kuzatilishini prognoz qilmoqda. Iyul oyi oxiri va avgust oyi boshlarida jazirama haroratning avjiga chiqishi kutilmoqda. 

O‘tgan yili Yaponiyada issiq urishi natijasida 100 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan. 
 

Ko‘proq yangiliklar: