Farg‘ona shahrida 28 iyun – 2 iyul kunlari futbolga ixtisoslashgan maktab internatlarining 2001-2002 yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchilari o‘rtasida Respublika birinchiligi final bosqichi o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Andijon futbolga ixtisoslashgan maktab internati tarbiyalanuvchilari o‘z guruhlarida Surhondaryo, Buxoro, Qashqadaryolik tengqurlarini ortda qoldirib yarim final bahsiga yo‘llanma oldilar. Yarim final bahsida Namangan jamoasi bilan bo‘lgan o‘yin 3:2 hisobida andijonliklar foydasiga hal bo‘ldi. Musobaqa mezbonlari bo‘lgan jamoaga qarshi o‘tkazilgan final bahsida esa 2:0 hisobida farg‘onaliklarning qo‘li baland keldi. Shunday qilib turnir yakunlariga ko‘ra 1 o‘rin Farg‘ona, 2 o‘rin Andijon va 3 o‘rin Buxoro jamoasiga nasib qildi.
Andijon futbolga ixtisoslashgan maktab internatida g‘olib tarbiyalanuvchilarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘z olgan viloyat futbol federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Alisher Uzoqov, muassasa direktori Nasibullo Madrahimovlar yosh iqtidor egalarini erishgan muvaffaqiyatlari bilan qutladilar. Ota-onalar nomidan so‘zga chiqqan vakillar farzandlariga ta'lim-tarbiya berayotgan ustozlariga tashakkur bildirishdi. Futbolchilarga “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamg‘armasi tomonidan sport anjomlari sovg‘a qilindi.
Elmurod ERMATOV, Andijon