Amerikaliklar 4 iyul kuni Qo‘shma shtatlarning navbatdagi Mustaqillik bayramini yuqori darajali xavfsizlik choralari ko‘rilgan sharoitlarda o‘tkazishdi. Bu yil mamlakat Britaniya hukmronligidan ozod bo‘lganligining 240 yilligini nishonladi.
AQShdagi eng ommaviy tantanalar Nyu-Yorkdagi East river daryosi bo‘yida o‘tkazildi. Kuchli shamol esib, yomg‘ir yog‘ishiga qaramay, milliondan ortiq kishi rang-barang mushaklar shousini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, VVS orkestri va Jyennifer Holidey konsertidan zavq olish hamda raqs dastalarining ijro mahoratini tomosha qilish uchun kechqurun shu maskanga to‘plandi.
Bayram tantanalari yoqimsiz hodisalarsiz, xotirjam o‘tishi uchun Nyu-York politsiyasi rahbariyati shaharga qo‘shimcha kuchlarni yo‘naltirdi, shu jumladan East river daryosi bo‘yida xavfsizlikni ta'minlash uchun 5 ming politsiyachi, butun shahar bo‘ylab ishlovchi 500 nafar patrul, kinolog-mutaxassislar portlovchi moddalarni seza oladigan itlari bilan yo‘naltirildi. Bundan tashqari, shaharda qo‘shimcha kuzatuv kameralari va radiatsiya detektorlari o‘rnatildi.
Bayram oldidan Nyu-York meri Bill de Blazio 4 iyulda kishilarning xavfsizligini to‘liq ta'minlash maqsadida juda ko‘p politsiyachilarning ishtiroki tashkil etilishini ma'lum qilgan edi. U terror xavfi to‘g‘risida hech qanday ma'lumot bo‘lmasa-da, bunday choralar fuqarolar xavfsizligini himoya qilishga qaratilishini bildirgan.
Vashingtondagi Kapitoliyning G‘arbiy maydonida Milliy park xizmati va Milliy simfonik orkestri tomonidan tashkil etilgan bayram konserti bo‘lib o‘tdi. Kontsert an'anaga ko‘ra, P.I.Chaykovskiyning "1812 yil" asari ijrosi bilan yakunlandi.
Foto:© AP Photo/Kathy Willens