Oltmish yoshli britaniyalik ayol nabirasini dunyoga keltirish uchun qizining muzlatib qo‘yilgan tuxumhujayrasini ishlatish uchun ruxsat oldi. Ayol shu yo‘l bilan qizining xotirasini yod etmoqchi, deb xabar bermoqda The New York Times.
Ayolning qizi ichak saratonidan 2011 yilda 28 yoshida vafot etgan. Sud bayonnomasida Missis M. deb aytib o‘tilgan ayol qizining so‘nggi istagi – uning farzandini dunyoga keltirib, voyaga yetkazishga qaror qilgan.
Ayol tuxumhujayralarni noma'lum donorning urug‘idan urug‘lantirib, bolani dunyoga keltirmoqchi bo‘lgan, biroq 2014 yilda hukumat ayolga uning qizi ruxsat bermaganini vaj qilib, tuxumhujayralarni urug‘lantirish jarayoni o‘tkaziladigan Nyu-Yorkka Londondan yetkazishga ruxsat bermagan.
London oliy sudi ushbu ishni apellyatsiya sudiga topshirgan. Sud jarayonida ayol qizining so‘zlari o‘qib eshittirilgan: "Oyijon, ular meni shifoxonadan chiqarib yubormaydilar. Men bu devorlarni faqat o‘liklar uchun qopda tark etaman. Men siz otam bilan birga g‘amxo‘rlik qilishingiz uchun farzandlarimni dunyoga keltirishingizni istayman. Ularga siz bilan yaxshi bo‘ladi. Men ularga sizdan bo‘lak yaxshiroq ota-ona tilay olmayman. Sizlarsiz men eplay olmasdim".
Shuningdek, advokat agar ayolga urug‘lantirish imkoniyati rad etilsa, unda tuxumhujayralarning "shunchaki nobud bo‘lishiga" yo‘l qo‘yilgan bo‘lishidan ogohlantirib o‘tgan.
Apellyatsiya sudi bu so‘zlarni ayolga tuxumhujayralarni topshirish uchun yetarli deb topgan. Sud xodimlarining aytishicha, ekstrakorporal (sun'iy) urug‘lantirish uchun yosh chegarasini o‘rnatuvchi hech qanday qonun yo‘q, masalaning axloqiy tomoni esa sud vakolatiga kirmaydi.