Nepal hukumati o‘zini Everestni zabt etgan birinchi hind juftligi deb atagan oilaviy juftlikka nisbatan tergov ishlarini boshlab yubordi. Zero bu alpinistlar tovlamachilikda gumon qilinmoqda. Bu haqida Assosiated Press mamlakat sayyohlik vazirligiga asoslanib ma'lum qildi.
Dinesh va Tarakeshvari Ratxod iyun oyining boshlarida may oyida Everestni zabt etib, bunga muvaffaq bo‘lgan birinchi hind juftligi ekanligi haqida ma'lum qilishgan. Bu ma'lumot Nepal sayyohlik vazirligining sertifikati bilan tasdiqlangan. Mazkur yangilik Hindiston ommaviy axborot vositalarida keng ommalashdi, juftlik Puna shahrida qahramonlarcha kutib olindi. Biroq bir oyga yetmay, Puna shahri politsiyasi mahalliy alpinistlardan shikoyat xati oldi. Unga ko‘ra, juftlik hech qachon dunyodagi eng yuqori cho‘qqiga ko‘tarilmagan. Hindiston politsiyasi bu ishni tergov nazoratiga oldi.
Juftlikning Everestni zabt etgan chog‘dagi surati ularning foydasiga ish beradi, lekin suratlar ikki jihatdan shubha uyg‘otmoqda: Dineshning Hindiston bayrog‘ini ko‘tarib turgan suratida montaj belgilari ko‘zga tashlanmoqda, bundan tashqari shikoyat egalari juftlik asos qilib olgan suratning asl nusxasini topib, unda umuman boshqa kishi bayroqni ko‘tarib turganligiga ishora qilishdi. Ikkinchi nomuvofiqlik - juftlik cho‘qqini zabt etish davomida turli kiyimlarda bo‘lgan. Alpinistlarning ta'kidlashicha, cho‘qqiga ko‘tarilish davomida kiyimni almashtirishning iloji yo‘q.
Agentlikning xabar qilishicha, juftlikka qo‘yilgan ayblov tasdiqlansa, ular Nepal sayyohlik vazirligining sertifikatidan mahrum qilinadi. Bundan tashqari, ularga mamlakat hududidagi tog‘ cho‘qqilarini zabt etish man qilinadi.
Foto:© AP