Mo‘'zija yuz bermadi va Fransiya Islandiyani yirik hisobda yengib, yarim finalga chiqdi

Sport 01:58 / 04.07.2016 9545

Yevropa chempionatining chorak finali doirasidagi Fransiya-Islandiya uchrashuvida turnirning eng yirik hisobi qayd etildi.

O‘yinning birinchi bo‘limidayoq fransuzlar 4:0 hisobida oldinga chiqib olishdi. Dastlab Jiru 12 daqiqada hisobni ochdi, Pogba, Payye va Grizmann hisobni yirik ko‘rinishga keltirishdi.

Ikkinchi bo‘limda, 56 daqiqada Sigtorsson hisobni qisqartirdi, lekin 3 daqiqa o‘tib Jiru dublni qayd etdi - 5:1. 

O‘yinning 84 daqiqasida islandiyaliklar yana bitta javob goli qaytarishdi, Byarnason o‘yinning yakuniy hisobini o‘rnatdi - 5:2.

Qayd etish kerakki, Yevropa chempionatining bitta o‘yinida yettita gol urilishi oxirgi marta 2000 yilda Hollandiya-Yugoslaviya o‘yinida kuzatilgandi. O‘shanda ham chorak finalda mezbonlar g‘alaba qozongan.

Shu tariqa Fransiya yarim finalga yo‘l oldi. Desham shogirdlari yarim final uchrashuvini Marseldagi "Velodrom" o‘yingohida Germaniyaga qarshi 7 iyul kuni o‘tkazishadi.

Fransiya – Islandiya 5:2 (4:0, 1:2)
Gollar: 1:0 – 12 Jiru, 2:0 – 19 Pogba, 3:0 – 42 Payyet, 4:0 – 45 Grizmann, 4:1 – 56 Sigtorsson, 5:1 – 59 Jiru, 5:2 – 84 Byarnason.
Fransiya – Loris, Umtiti, Evra, Sanya, Koselni (Mangalya, 72), Pogba, Matyuidi, Payyet (Koman, 80), Sissoko, Grizmann, Jiru (Jinyak, 60).
Islandiya – Xaldersson, Sigurdsson, Skulason, Sevarsson, Arnason (Ingason, 46), Gudmundsson, Gunnarsson, Sigurdsson, Byarnason, Sigtorsson (Gudonsen, 83), Bedvarsson (Finnbogason, 46).
Ogohlantirishlar: Byarnason (58), Umtiti (75).

 

Ko‘proq yangiliklar: