Yaponiyaning Mitsubishi Motors kompaniyasi 4ta ixcham avtomobil modellarini ishlab chiqarishni qayta boshladi. Ular, yoqilg‘i sarfiga oid texnik ma'lumotlar soxtalashtirilgani uchun ishlab chiqarilmayotgan edi, deyiladi kompaniya bayonotida.
Unga ko‘ra, Okayama prefekturasidagi zavodda ehtimoliy nosozliklarni aniqlash maqsadida "konveyer sinov tartibida ishga tushiriladi" va "beshta mashina" yig‘iladi. Yig‘uv liniyasi 20 iyuldan to‘liq ishga tushadi.
Kompaniya iyul-avgust oylarida 5 mingga yaqin eK-Wagon, eK-Space hamda Nissan Dayz, Nissan Dayz Roox kichik hajmli mashinalarini ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Sentyabrdan ishlab chiqarish hajmi 9 ming donagacha yetkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Mitsubishi Motors yuqoridagi avtomobillarining yonilg‘i sarfiga oid ma'lumotlarni o‘zgartirib, mashina texnik kitoblariga soxta raqamlarni kiritgani fosh etilgandi. Umuman, korporatsiya hisoblariga ko‘ra, Yaponiya avtobozorida jami 625 ming dona shunday mashina sotilgan.
Ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatgan Mitsubishi Motors, to‘rttala model egalariga 100 ming iyen (970 dollar)dan tovon to‘lashini ma'lum qilgandi. Jami to‘lovlar 62,5 mlrd iyen (607 mln dollarga yaqin)ni tashkil etadi.
foto:Google image