Rossiya prezidentining matbuot xizmati rahbari Dmitriy Peskov Rossiya va Turkiya o‘rtasida teraktlar oldi olinishi maqsadida ma'lumotlar almashish kanallarini "tiriltirish va qayta yo‘lga qo‘yish" zarurati haqida gapirdi.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, keyingi vaqtlarda Turkiya bilan ma'lumotlar almashish kanallari ishlamay qolgandi. Endilikda esa ularni "tiriltirish" va qayta yo‘lga qo‘yish zarur.
"Gap shundaki, terrorizmga aloqadorligi gumon qilingan shaxslar bir necha marta Turkiyaga kirgan, Yevropaning bir necha mamlakatlarida bo‘lgan. Kanallar faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali bunday shaxslar haqidagi ma'lumotlarni Turkiyaga yuborib turishimiz mumkin bo‘ladi", deya Peskovning so‘zlarini keltiradi RIA Novosti.
Bundan oldinroq Rossiya turoperatorlari assotsiatsiyasi Turkiyadagi vaziyat bir qator savollarni oldinga qo‘yishi haqida ma'lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 29 iyunga o‘tar kechasi Istanbul shahridagi Otaturk aeroportida portlashlar amalga oshirildi. Natijada 44 kishi halok bo‘ldi, shundan 19 nafari xorijlik. Shuningdek, 239 kishi jarohatlangan.
OAV ma'lumotiga ko‘ra, Turkiya hukumati AQShdan bu terakt tashkilotchisi Ahmad Chatayevni qidirishda yordam so‘ragan.
AQShda bu terakt tashkilotchiligida gumon qilingan chechen Ahmad Chatayev IShIDning "Urush vaziri" ekani aytildi.