Gretsiyaning Mamidoil Jetoil neft kompaniyasi xo‘jayini Kiriakos Mamidakis Afina yaqinidagi o‘z uyida o‘lik holda topildi, deb xabar qilmoqda Bloomberg agentligi. Bu xabarni, o‘z nomini oshkor qilmagan politsiya xodimi agentlikka ma'lum qilgan. Xabarlarga ko‘ra, kompaniya kasod yoqasida bo‘lgan.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, Mamidakisning jasadi yonida pistolet ham topilgan.
Gretsiyaning Jetoil kompaniyasi, qarzlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirolmagani sabab, suddan himoya so‘ragan edi.
Kompaniya mamlakatdagi eng yiriklaridan hisoblangan avtomobillarga yoqilg‘i quyish tarmog‘iga ega. Uning ixtiyorida 600dan ortiq shaxobcha bor. Bundan tashqari, u 33 ta avtosisterna va 7ta tankerga ham egalik qiladi. Shu bilan birga, kompaniya Bolgariya va Albaniya kabi qo‘shni mamlakatlarda ham faoliyat yuritgan.